KIRISH

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston – 2030" strategiyasi to'g'risida" 2023 yil 11 sentyabrdagi PF-158-son va "Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" 2025 yil 5 maydagi PF-78-son Farmonida vatanparvar, inson qadrini e'zozlaydigan, korrupsiyaga toqatsiz va professional yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ularni tarmoq va sohalar uchun qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, mazkur sohada samarali ilmiy-innovatsion tadqiqotlar olib borish, shuningdek, qonun ustuvorligini ta'minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish, jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish, davlat boshqaruvini markazlashtirishdan chiqarish, davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy ta'minot darajasini oshirish hamda iqtisodiyotni tartibga solishda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish orqali davlat boshqaruvi va davlat xizmati tizimini isloh qilish vazifasi belgilab berilgan.

Ushbu vazifadan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi (keyingi o'rinlarda – Akademiya) "Davlat boshqaruvi", "Hududlarni kompleks rivojlantirish" va "Inson resurslarini boshqarish magistratura mutaxassisligi bo'yicha ta'lim oladigan bo'lajak rahbar xodimlarda davlat boshqaruvining huquqiy asoslari va zamonaviy usullari bo'yicha bilimlarni egallash, tahliliy fikrlash va strategik rejalashtirish, turli masalalarning maqbul yechimini topish, tashabbuskorlik va yetakchilik ko'nikmalarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Akademiya magistraturasi va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslari tinglovchiligiga munosib nomzodlarni saralashda sinovning suhbat shakli hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Suhbat shaklidagi sinov – "Hududlarni kompleks rivojlantirish", "Davlat boshqaruvi", "Inson resurslarini boshqarish", "Davlat siyosati" va "Davlat moliyasini boshqarish" magistratura mutaxassisligiga kirish uchun nomzodlarni (keyingi o'rinlarda – nomzod) saralashning 2-bosqichi hisoblanadi.

Suhbat yordamida nomzodlarning iqtisodiy bilimlari va huquqiy savodxonligi, shuningdek, boshqaruv va liderlik xususiyatlari, tizimli, jamoa bilan ishlash, tahliliy fikrlash qobiliyatlari, moslashuvchanligi, tashabbuskorligi va innovatsion yondashuvi, notiqlik mahorati va ijodiy fikrlash qobiliyatlari aniqlanadi va baholanadi.

Ushbu dastur saralash sinovlarining suhbat shaklida nomzodga qo'yiladigan asosiy talablarning mazmunini belgilaydi hamda nomzodlar uchun suhbat sinoviga tayyorgarlik ko'rish yo'nalishlariga doir ma'lumotlarni beradi.

Akademiya "Hududlarni kompleks rivojlantirish", "Davlat boshqaruvi", "Inson resurslarini boshqarish", "Davlat siyosati" va "Davlat moliyasini boshqarish" magistratura mutaxassisligiga kirishga nomzodlar suhbat mobaynida taqdim etilgan boshqaruvga doir muammoli vaziyat (keyingi o'rinlarda – keys)ni tahlil etish orqali boshqaruvning qonuniyatlari, tamoyillari, funksiya hamda vazifalarini, shuningdek, boshqaruv tizimida rahbarning o'rni, madaniyati va uslubi, boshqaruv samaradorligi va unga ta'sir qiluvchi boshqaruv qarorlarining mazmun-mohiyatini ochib berish bo'yicha bilim, malaka, ko'nikma hamda kompetensiyalarini namoyon qilishlari talab etiladi.


ASOSIY QISM

Keys tahliliga umumiy tavsif

Keys – tashkilotdagi real voqealarga asoslangan va biror muammoni hal etish talabini nazarda tutuvchi hodisa bayoni.

Nomzod keysni tahlil qilar ekan, berilgan muammoni bir necha yondashuv (siyosiy, huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik) asosida o'rganib chiqib, o'z nuqtayi nazarini bayon etadi. Xususan:

Birinchidan, qabul qilinadigan qarorning siyosiy va huquqiy jihatlariga e'tibor qaratadi, mazkur qarorning mavjud qonunlarga qanchalik mosligi haqida fikrlaydi.

Ikkinchidan, ushbu qarorni asoslashda uning iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini hisobga oladi hamda uning ijrosiga ta'sir etuvchi omillarga e'tibor qaratadi.

Bundan tashqari, o'z qarori va uning ijrosini jamoada shakllangan ijtimoiy-psixologik muhit, rahbar va xodimlar shaxsining o'ziga xos jihatlari bilan uyg'unlikda tahlil qiladi.

Shuningdek, keysni baholashda quyidagilarga:

  • nomzod nafaqat muammoning ayrim belgilarini emas, balki vaziyatni yaxlit holda tahlil qila olishi, muammoni to'liq aniqlay olish qobiliyatiga;
  • nomzodning muammoga har tomonlama, kompleks tarzda yondashuviga;
  • nomzodning muammoli vaziyatga nisbatan qaror qabul qilishda qanday qadriyatlar va axloqiy me'yorlarga tayanishiga;
  • muammoli vaziyatni hal etishda nomzod takliflarining boshqaruv bilimlari bilan asoslanganligi darajasiga e'tibor qaratiladi.

Nomzodning shaxsiy sifatlari va kompetensiyalarini

aniqlash bo'yicha suhbat

Mazkur bo'limda hay'at a'zolari tomonidan nomzodning davlat boshqaruvi sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun zarur bo'lgan kompetensiyalarining shakllanganlik darajasini aniqlash maqsadida savollar beriladi. Shu munosabat bilan, suhbat quyidagi muhim kompetensiyalarni aniqlash bo'yicha o'tkaziladi:

  • Iqtisodiy bilimlari (mikroiqtisodiyot, makroiqtisodiyot, xalqaro iqtisodiyot, iqtisodiy nazariyalar va maktablar, davlatning iqtisodiy siyosati, iqtisodiy ko'rsatkichlar va tahlil, moliya va bank ishi)
  • Huquqiy savodxonligi (konstitutsiya, fuqarolik huquqi, jinoyat huquqi, mehnat huquqi, oila huquqi, ma'muriy huquq, inson huquqlari, huquqiy axborot tizimlardan foydalanish)
  • Boshqaruv va liderlik xususiyatlari (strategik fikrlash, maqsad qo'yish va rejalashtirish, ishni tashkil etish, muloqot ko'nikmalari, jamoani ruhlantirish, stressni va nizolarni boshqarish, qaror qabul qilish, boshqaruvda innovatsion va kreativ yondashuv)
  • Tizimli va tahliliy fikrlash qobiliyatlari (muammoni aniqlash va tushunish, tahlil qilish qobiliyati, tizimli yondashuv, sabab-oqibat munosabatlarini tushunish, qaror qabul qilishda ratsional yondashuv, murakkab muammolar bilan ishlash ko'nikmasi, mustaqil va tanqidiy fikrlash)
  • Jamoa bilan ishlash (samarali muloqot, jamoada hamkorlik va o'zaro yordam, rollar va vazifalarni to'g'ri taqsimlash, ishonch va o'zaro hurmat, muammolarni birgalikda hal qilish, jamoa a'zolarini ruhlantirish)
  • Moslashuvchanligi (o'zgarishlarga ochiqlik, turli vaziyatlarda turlicha yondashuvlarni qo'llash, fikr-mulohazalarni tinglash va ularga asoslangan ravishda o'zgarish kiritish, turli vaziyatlarga moslashish, tashabbuskorlik va tezkor qaror qabul qilish)
  • Tashabbuskorligi (proaktivlik, mas'uliyatni o'z zimmasiga olish, ijodkorlik va g'oya taklif qilish, vaqtini rejalashtirish, resurs topishga intilish, mas'uliyat)
  • Innovatsion yondashuv (yangi g'oyalar yaratish, yangi nuqtayi nazardan tahlil qilish, innovatsiyalarga ochiqlik, texnologiyadan oqilona foydalanish, inson ehtiyojlariga yo'naltirilgan yechimlar yaratish)
  • Notiqlik mahorati (aniq va mantiqiy nutq, emotsional ta'sir ko'rsatish, ovozni boshqara olish, jismoniy harakat va ko'z bilan bog'lanish, auditoriya bilan muloqot, samarali nutq)
  • Ijodiy fikrlash qobiliyatlari (muammoni turli xil yechimlarini topish, forsayt asosida fikrlash, muammoga yangicha qarash, kreativ tafakkur, yangi g'oyalar yaratish, innovatsiya kiritish)

Suhbat davomida nomzodlarga quyidagi kompetensiyalarni aniqlash bo'yicha qo'shimcha savollar berilishi mumkin:

  • qadriyatlar (vatanparvarlik, sadoqat, xizmat pillapoyalarida o'sishga intilish);
  • shaxsda liderlik sifatlarining rivojlanganligi (boshqalarga motivatsiya bera olish, mustaqil qaror qabul qilish, kommunikativlik, ishontirish qobiliyati, tashqi ko'rinishining bejirimligi);
  • boshqaruv professionalizmining rivojlanganligi (maqsad qo'ya olish, vaziyatni tahlil qilish, qaror qabul qilish, maqsadga erishish yo'lida ishlarni tashkil qilish, nazoratni amalga oshirish);
  • tizimli fikrlash darajasining rivojlanganligi (vaziyatni tahlil qila olish qobiliyati, tizim komponentlarini klasterlash va ular o'rtasidagi aloqani topish, global muhitni tasavvur eta olish);
  • o'zgarishlarga moslashuvchanlik (favqulodda vaziyatlarda jamoani boshqarish, stress holatida o'zini yo'qotmaslik, bardoshlilik, og'ir vaziyatlarda qarorlar qabul qila olish, o'zgalarni tinglay olish va yangi g'oyalarni izlashga moyillik, har bir masalaga kreativ yondashish).

Nomzodlarga berilishi mumkin bo'lgan savollar yo'nalishlari:

Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi asosidagi

demokratik islohotlar yo'li

"O'zbekiston – 2030" strategiyasi asosida milliy rivojlanishimizning yangi bosqichida "inson – jamiyat – davlat" tamoyilining ustuvor yo'nalishlari:

  • Yangi O'zbekiston strategiyasi;
  • Xalqparvar davlat;
  • Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish;
  • Adolatli ijtimoiy siyosat;
  • Ma'naviy taraqqiyot;
  • Xavfsizlik va tashqi siyosat;
  • Qonun ustuvorligini ta'minlash;
  • Xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
  • Jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish;
  • Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini "Xalq xizmatidagi davlat" tamoyili asosida tashkil etish;
  • Davlat fuqarolik xizmatini meritokratiya, halollik va professionallik tamoyillari asosida tashkil etish;
  • O'zbekiston va umumbashariy muammolar.

Davlat boshqaruvi yo'nalishi

Davlat hokimiyati va uning belgilari. Demokratik davlat. Huquqiy davlat. Suveren davlat. Davlat hokimiyatining bo'linishi hamda vakolatlarining taqsimlanishi. Davlat hokimiyati organlari o'rtasidagi o'zaro munosabatlar.

Davlat boshqaruvi shakli: respublika va monarxiya. Davlat tuzilishi shakli: unitar davlat, federatsiya va konfederatsiya. Davlat siyosiy rejimi mazmuni va uning turlari.

O'zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimi. Davlat organlari faoliyatining asosiy yo'nalishlari va vazifalari. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining huquqiy maqomi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining huquqiy maqomi. O'zbekiston Respublikasining Prezidenti faoliyatining tashkiliy huquqiy asoslari. O'zbekiston Respublikasida ijro hokimiyati organlari tizimi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining huquqiy maqomi. O'zbekiston Respublikasida sud hokimiyati tizimi.

Boshqaruvning ijtimoiy-psixologik usullariga

doir yo'nalish

Boshqaruvdagi ijtimoiy-psixologik metodlar insonlarning ijtimoiy ehtiyojlariga ta'sir etish vositasi sifatida. Davlat boshqaruvida, xo'jalik va jamoa tashkilotlari boshqaruvida ijtimoiy psixologik metodlarni qo'llash imkoniyati. Xodimlarni faollikka undashning (motivatsiyalash) turli shakllaridan foydalanish. Jamoaviy va individual maqsadlarni uyg'unlashtira olish. Personal boshqaruviga oid ilg'or g'oyalarga tayanish. Tashkilotning missiyasi, qadriyatlarini anglash. Ishontirish, jamoada me'yorlarni yaratish, ma'naviy rag'batlantirish uslublari samarasi. Jamoadagi nizolar va ularni hal etish imkoniyatlari, rahbarlik uslubi, jamoadagi liderlik va rahbarning shaxsiy sifatlari.

Boshqaruvning ma'muriy-tashkiliy usullariga

doir yo'nalish

Boshqaruvning ma'muriy usullari boshqaruv obyektiga bevosita ma'muriy ta'sir o'tkazish usuli sifatida. Me'yoriy-huquqiy hujjatlar, farmoyish, buyruq va ko'rsatmalar.

Boshqaruvning tashkiliy usullari boshqarish subyektining boshqaruv obyektiga nisbatan tashkiliy ta'sir choralari majmui sifatida.

Tashkiliy reglamentlash. Tashkiliy me'yorlash boshqaruv obyektiga ta'sir o'tkazish usuli sifatida. Me'yorlar va me'yorlashtirish: boshqaruv organlari apparati, ularning soni, boshqaruvchanligi.

Tashkiliy-uslubiy yo'riqnomalar berish. Mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining funksiyalarini bajarish bo'yicha yo'riqnomalar berish: hujjatlarning bajarilishini nazoratga olish, fuqaro murojaati bo'yicha ishlarni tashkil etish, ish yuritish bo'yicha. Oqilona boshqaruv qarorlarini izlash bo'yicha yo'riqnomalar berish, taqsimot va tasarruf etish yuzasidan hujjatlarni tayyorlash, boshqaruv organlarining korxona va tashkilotlar bilan o'zaro aloqalari bo'yicha. Muayyan boshqaruv ishlarini bajarish bo'yicha rahbar tomonidan beriladigan yo'riqnomalar.

Boshqaruvning asosiy funksiyalariga

doir yo'nalish

Boshqaruv funksiyasi to'g'risida tushuncha. Boshqarish funksiyalarining turlari: umumiy va aniq funksiyalar; hududiy va tarmoq funksiyalar, rahbarlik va ijrochilik funksiyalari. Asosiy funksiyalar: rejalashtirish, tashkil qilish, muvofiqlashtirish va tartibga solish. Strategik rejalashtirish. Boshqaruvda resurslardan oqilona foydalanish. Rag'batlantirish usullari va ulardan foydalanish. Monitoring va nazoratni tashkil etish.


Keys-topshiriqlarini bajarishning

baholash mezonlari

Bajarilgan keys-topshiriqlarni baholash quyidagi mezonlar asosida o'tkaziladi:

  1. Keys-topshiriqni bajarish va chiqishning ilmiy-nazariy darajasi.
  2. Keys yechimining to'liqligi.
  3. Keys tahlili va uning yechimi yondashuvidagi ijodkorlik va mustaqillik darajasi. Isbotlab berilishi va ishonchliligi.
  4. Materialning ifoda qilinishi shakli (erkin; o'z so'zlari bilan; og'zaki yoki yozma nutq savodliligi) va taqdimot sifati.
  5. Og'zaki taqdimotda nutq, imo-ishoralar, mimika madaniyati.
  6. Xulosalarning to'liqligi va har tomonlama ekanligi.
  7. Muammoga o'z qarashlarning mavjudligi.

Keys-topshiriq bahosi to'rt ballik sistema bo'yicha qo'yiladi.

"A'lo" – keys-topshiriq to'liq bajarilgan, jamoat oldidagi chiqishga ajratilgan reglament (vaqt) doirasida, talaba(lar) sifatiy tahlil asosida tanlangan yechimning to'liq va aniq asoslarni keltirishgan (tayyorlashgan). Yaxshi nazariy bilimlar ko'rsatilgan, muammo(lar) va uning (ularning) paydo bo'lishi sabablariga o'z shaxsiy nuqtayi nazari mavjud. Aniqlangan muammolar yuzasidan ularning aniq iyerarxiyasini belgilagan. Og'zaki taqdimotda berilgan savollarga ishonch bilan va tez javob bergan, chiqish vizualizatsiya usullari bilan boyitilgan. Yozma hisobot-taqdimoti holatida keys-topshiriqni bajarish bo'yicha keysning strukturaga ega va detallashgan tahlili qilingan, mumkin bo'lgan yechimlar variantlari keltirilgan (3-5), alternativ yechimlardan bittasining tanlovi aniq va asosli.

"Yaxshi" – keys-topshiriq to'liq bajarilgan, lekin chiqish uchun belgilangan reglament doirasida, talaba(lar) tanlangan yechimni aniq to'liq asoslab berishmagan. Ko'p ortiqcha nazariya mavjud, yoki aksincha, nazariy asoslar chegaralangan, muammolarga shaxsiy nuqtayi nazar mavjud, ammo ularning yuzaga kelishining barcha sabablari aniqlanmagan. Og'zaki taqdimotda qo'shimcha savollarga qiyinchilik bilan javob berilgan, bajarilgan keys-topshiriqning tayyorlangan og'zaki taqdimoti unchalik strukturaga ega emas. Yozma hisobot-taqdimotda keys-topshiriqni bajarish bo'yicha keys tahlili to'liq qilinmagan, bir qator faktlar inobatga olinmagan, barcha mumkin bo'lgan muammolar aniqlanmagan, yechim uchun ehtimol asosiy emas, balki ikkinchi darajali muammo tanlangan, keltirilgan yechimlar variantlarining soni – 2-3, alternativ yechimlardan oxirgi bittasining tanlovi aniq asoslanmagan.

"Qoniqarli" – keys-topshiriq 2/3 qismidan ko'proq bajarilgan, ammo chiqish uchun belgilangan reglament doirasida, talaba(lar) yechimni noaniq berishgan, tanlovni aniq asoslab bera olmagan, nazariy bilimlarning yetishmasligini yaqqol bilingan. Xulosalar sust, bu faktlarning yetarlicha tahlil qilinmaganligidan dalolat beradi, yechim asosida faktlar yoki taxminlar talqin qilingan. Muammo yuzaga kelishining sabablariga o'z shaxsiy fikri asoslanmagan yoki umuman yo'q. Og'zaki taqdimotda savollarga qiyinchilik bilan javob berilgan yoki umuman javob berilmagan. Bajarilgan keys-topshiriq bo'yicha tayyorlangan taqdimot strukturaga ega emas. Yozma taqdimotda keys-topshiriqni bajarish bo'yicha keys tahlili to'liq qilinmagan, barcha faktlar inobatga olinmagan, yechim uchun asosiy emas, balki ikkinchi darajali muammo tanlangan, keltirilgan yechimlar variantlarining soni – 1-2, tanlangan yakuniy qarorga aniq asoslar keltirilmagan.

"Qoniqarsiz" – keys-topshiriq bajarilmagan yoki uchdan bir qismidan kamroq qismi qilingan. Keys tahlilida detallar yo'q, og'zaki yoki yozma ta'rifi strukturaga ega emas. Agar yechim chiqishda yoki hisobot-taqdimotda belgilangan bo'lsa, unda u keysda yoritilgan muammoning yechimi hisoblanmaydi.


ADABIYOTLAR RO'YXATI

  1. 1. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. 1-tom. Milliy taraqqiyot yo'limizni qat'iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko'taramiz. – Toshkent: "O'zbekiston" NMIU, 2017. – B.592.
  2. 2. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. 2-tom. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. – Toshkent: "O'zbekiston" NMIU, 2018. – B.508.
  3. 3. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. 3-tom. Niyati ulug' xalqning ishi ham ulug', hayoti yorug' va kelajagi farovon bo'ladi. – Toshkent: "O'zbekiston" NMIU, 2019. – B.400.
  4. 4. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. 4-tom. Milliy tiklanishdan-milliy yuklanish sari. – Toshkent: «O'zbekiston» NMIU, 2020. – B.408.
  5. 5. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. 5-tom. Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik. – Toshkent: "O'zbekiston" nashriyoti, 2023. – B.408.
  6. 6. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. 6-tom. Yangi O'zbekiston Taraqqiyot strategiyasi asosida demokratik islohotlar yo'lini qat'iy davom ettiramiz. – Toshkent: "O'zbekiston" nashriyoti, 2023. – B.536.
  7. 7. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. 7-tom. Xalqchil islohotlar xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi. – Toshkent: "O'zbekiston" nashriyoti, 2023. – B.408.
  8. 8. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Inson qadri, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari uchun. – Toshkent: "O'zbekiston" nashriyoti, 2022. – B.416.
  9. 9. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. YANGI O'ZBEKISTON STRATEGIYASI. – Toshkent: "O'zbekiston" nashriyoti, 2021. – B.464.
  10. 10. Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. YANGI O'ZBEKISTON STRATEGIYASI. To'ldirilgan ikkinchi nashri. – Toshkent: "O'zbekiston" nashriyoti, 2023. – B.440.
  11. 11. Daft R. Management. Textbook. 12th edition. – South-Western: Cengage Learning, 2010.
  12. 12. Drucker P. Management. Textbook. Revised edition. – NY: Harper Collins Publishers, 2008.
  13. 13. Hayitov, O.E. Boshqaruv psixologiyasi [Matn]: darslik. – Toshkent: "Istiqlol" nashriyoti, 2021. – 236 b.
  14. 14. Antonova N.B. Gosudarstvennoye upravleniye. – Belarus, 2012. – 440 s.
  15. 15. Asadov Sh.G'. Mahalliy davlat hokimiyati organlari. O'quv qo'llanma. – T.: DeHaus Print, 2012. – 179 b.
  16. 16. Boltayev A.R. Ispolnitelnaya vlast v Respublike Uzbekistan. Monografiya. – T.: TDYUI, 2006. – 268 s.
  17. 17. Burkov V.N., Korgin N.A., Novikov D.A. Vvedeniye v teoriyu upravleniya organizasionnymi sistemami. – M.: Librokom, 2009. – 264 s.
  18. 18. Raximova D.N. va boshqalar. Zamonaviy menejment: nazariya va amaliyot. Darslik. I tom. – Toshkent: "G'ofur G'ulom", 2009.
  19. 19. Mahmudov I. Boshqaruv psixologiyasi. – T.: Akademiya, 2005. – 160 b.
  20. 20. Mahmudov I., Qoraboyev J. Rahbar shaxsi psixodiagnostikasi. – Toshkent: Akademiya, 2014. – 76 b.
  21. 21. Odilqoriyev H.T., Tulteyev I.T. Ikki palatali parlament. – Toshkent: O'zbekiston Respublikasi IIV akademiyasi, 2005. – 344 b.
  22. 22. Xojiyev E., Ismailova G., Raximova M. Davlat xizmati. O'quv qo'llanma. – T.: Baktria press, 2015. – 172 b.
  23. 23. Xolbekov A. Boshqaruv sotsiologiyasi. – T.: Akademiya, 2008. – 135 b.
  24. 24. Xusanov O.T. Konstitutsiyaviy huquq. Darslik. – T: Adolat, 2024. – 542 b.
  25. 25. Xolov A.X. Boshqaruv qarorlari qabul qilishning zamonaviy usullari va rahbar mas'uliyati. Monografiya. – T.: «Tafakkur-qanoti» nashriyoti, 2017. – 224 b.
  26. 26. Xolov A.X. Boshqaruv qarorlari ijrosini ta'minlashda rahbar mas'uliyati. Risola. – T.: «Akademiya» nashriyoti, 2013. – 124 b.
  27. 27. Paxrutdinov Sh. Barqaror taraqqiyot va rahbar mas'uliyati. – T.: Akademiya, 2011. – 304 b.
  28. 28. T.Alimardanov. Rahbarning axloqiy qiyofasi. – Toshkent: O'zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2010. – B. 53.
  29. 29. Milliy g'oya va rahbar mas'uliyati. Q.Nazarov, I.Ergashev, H.Abulqosimov va boshqalar. – T.: G'ofur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2007. – 736 bet.
  30. 30. Nazarov Q, Paxrutdinov Sh, Jo'rayev T, Jalilov A, Saidolimov S. Milliy manfaatlar va rahbar mas'uliyati. – Toshkent: Davlat va jamiyat qurish qurilishi Akademiyasi nashriyoti, 2007. – B. 23.

Elektron ta'lim resurslari

  1. http://www.lex.uz
  2. http://www.norma.uz
  3. http://www.yuz.uz
  4. http://www.strategy.uz
  5. https://president.uz
  6. http://www.edu.uz
  7. http://www.lib.bimm.uz
  8. http://www.press-service.uz
  9. http://www.parlament.gov.uz
  10. https://lifelearning.uz