
2026-yil 1-son Jurnal maqolalari
Jurnalda nashr etilgan ilmiy maqolalar bilan tanishing. Annotatsiya va maqola faylini ko‘rish uchun tegishli maqola ostidagi tugmani bosing.
Davlat boshqaruvining huquqiy asoslari
Botu ALIMOV
04
Prezidentning yashirin vakolatlari: tushuncha, tasniflash va qiyosiy-huquqiy tahlil
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: maqolada prezidentning konstitutsiya matnida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmagan, ammo amaliyotda keng qo‘llaniladigan yashirin vakolatlarining ilmiy-nazariy jihatlari tahlil etilgan, ushbu siyosiy-huquqiy institutning xorijiy adabiyotlardagi muqobil atamalari qiyosi o‘rganilgan va o‘zaro taqqoslangan, Amerika, Yevropa va MDH olimlari bilan ilmiy bahs-munozaraga kirishilgan holda mualliflik xulosalari ishlab chiqilgan, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat rahbarining bu turkumdagi vakolatlari xorijiy mamlakatlarning qonunchiligi va amaliyoti bilan qiyosiy-huquqiy tahlil asosida ochib berilgan.
Dilmurodjon RAXIMOV
11
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini kadrlar bilan ta’minlash mexanizmlari va tartibga solinishi
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: maqola davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga kadrlarni qabul qilishning mexanizmlari va tartib-taomillarini tahlil etishni maqsad qilgan. Maqolada davlat fuqarolik xizmati lavozim guruhlariga kadrlarni tayyorlash va tanlash usullari tahlil qilinib, davlat fuqarolik xizmatiga kirishning ikki xil tartibi ajratib koʻrsatilgan, shuningdek, maqolada tanlovlarning tartib-taomillari, 2020-2026-yillarda oʻtkazilgan tanlovlarning statistik maʼlumotlari tahlil qilingan. Muallif rahbar kadrlarni shakllantirishning Milliy kadrlar zaxirasi tizimini tadqiq etib, milliy kadrlar zaxirasidan samarali foydalanishning samarali mexanizmlarini ilgari surilgan. Tadqiqotdan kelib chiqib, davlat fuqarolik xizmatini kadrlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar ilgari surilgan.
Yangi O‘zbekiston — yangi maqsad va imkoniyatlar
Jamoliddin ISMAILOV
21
Tarkibiy o‘zgarishlarga yangi nazar: yangi O‘zbekiston iqtisodiy transformatsiyani baholash
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: mazkur maqolada Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy transformatsiya jarayonlari tahlil qilingan. Iqtisodiy o‘sish dinamikasi, tarmoqlar tarkibidagi o‘zgarishlar hamda iqtisodiy o‘sishning yangi drayverlari baholangan. Shuningdek, texnologik rivojlanish va ilmiy-tadqiqot ishlari intensivligi asosida tarkibiy o‘zgarishlarning miqdoriy bahosi keltirilgan. Tahlil natijalari so‘nggi yillarda ijobiy siljishlar mavjudligini, biroq yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish zarurati saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Maqolada iqtisodiy siyosatni takomillashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surilgan.
Sanjar SAIDOV
29
“Think tank” yoki “aql markazlari”: davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: siyosiy jarayonlarning shiddat bilan o‘zgarib borishi, axborot hajmi va oqimining ortishi, geosiyosiy jihatdan yangi xavf va tahdidlarning paydo bo‘lishi muayyan siyosiy qarorlar qabul qilishni murakkablashtirmoqda. Ushbu holatlarda davlat boshqaruvida ixtisoslashgan va mustaqil axborot-tahlil institutlari sifatida faoliyat yurituvchi “aql markazlari” bilan yaqindan hamkorlik qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ushbu ilmiy maqolada aql markazlarining faoliyati, turlari va ishlash tamoyillari tadqiqotga tortilib, O‘zbekiston sharoitida aql markazlari va tahliliy uyushmalarni rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratilgan.
Qodir JURAEV, Shavkat TOSHEV
37
Islom sivilizatsiyasi markazi – Markaziy Osiyo tamaddunining “tashrif qog‘ozi”
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: ushbu maqolada Islom sivilizatsiyasi markazi madaniy merosni saqlash, milliy o‘zlikni shakllantirish va madaniy diplomatiyaning kesishmasida faoliyat yurituvchi ko‘p qirrali institut sifatida tadqiq etilgan. Maqolada Markazning tarixiy xotirani qayta tiklash, O‘zbekistonning sivilizatsiya merosini targ‘ib qilish hamda mamlakatning xalqaro munosabatlardagi “yumshoq kuchi”ni mustahkamlashdagi o‘rni tahlil qilingan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, qayd etilgan madaniy markaz nafaqat muzey yoki akademik muassasa, balki O‘zbekistonning ichki milliy o‘zligini va xalqaro imijini belgilashga xizmat qiluvchi mamlakatning strategik vositasi sifatida faoliyat yuritadi. Markaz O‘zbekistonning Islom intellektual merosining zamonaviy vorisi sifatida namoyon etishi va mintaqaviy madaniy diplomatiyada yetakchi kuch sifatida shakllanishi uchun muhim mexanizmdir.
Iqtisodiy sohadagi zamonaviy tendensiyalar
Dilfuza RAXIMOVA
42
O‘zbekiston davlat boshqaruvida ilm-fanni rivojlantirish istiqbollari
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: maqolada O‘zbekiston davlat boshqaruvida ilm-fanni rivojlantirish istiqbollari bayon etilgan. Unda ushbu sohaning ahamiyati baholanib, davlat boshqaruvida innovatsiyalar va ilmiy ishlanmalarning ahamiyati asoslab berilgan. Fuqarolarning davlat boshqaruvida ilm-fanni rivojlantirishdagi ishtiroki alohida ta’kidlangan. O‘zbekistonda ilm-fanni davlat boshqaruviga integratsiya qilish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqilgan.
Golibjon YULDASHEV
48
O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatining tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini rivojlantirish
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: ushbu maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi tahlil qilinib, uni zamonaviy iqtisodiy sharoitda takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari asoslab berilgan. Ayniqsa, 2016–2025-yillarda sohada yuz bergan tarkibiy o‘zgarishlar, ishlab chiqarish dinamikasi, investitsiyaviy faollik, shuningdek, boshqaruv va qo‘llab-quvvatlash vositalarining samaradorligiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoatining 2028-yilgacha bo‘lgan o‘rta muddatli rivojlanish istiqbollarini prognozlash uchun ARIMA (0,2,1) modeli qo‘llanilgan. Olingan natijalar to‘qimachilik sanoatining tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi samaradorligini oshirish, raqobatbardoshligini kuchaytirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Fuqarolik jamiyati va ijtimoiy masalalar
Zavqiddin HOJIYEV
64
Raqamli transformatsiyaning raqamli hukumat faoliyatini optimallashtirishdagi roli
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya:
Maqolada davlat boshqaruvida elektron va raqamli hukumat doirasida yagona raqamli platformani joriy etish, O‘zbekistonda elektron hukumatning rivojlanish tendensiyasi, «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi yo‘nalishlari, idoralararo integratsiyani kuchaytirish va ma’lumotlarga asoslangan aqlli boshqaruv mexanizmlarini joriy etish masalalari yoritilgan. Sotsiologik yondashuv asosida raqamli va elektron hukumatning ijtimoiy tabiati, institutsional xususiyatlari hamda davlat boshqaruvi doirasida shakllanadigan munosabatlar tizimi ilmiy jihatdan tahlil etilgan.
Maxsudjon MANSUROV
74
Ommaviy tartibsizliklarning ijtimoiy-siyosiy mohiyati
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: maqolada ommaviy tartibsizliklarning ijtimoiy-siyosiy mohiyati kompleks tarzda tahlil qilinib, ommaviy tartibsizliklarning yuzaga kelish sabablari, ularning jamiyat barqarorligiga ta’siri hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlar rivojlanishi bilan o‘zaro bog‘liqligi ochib berilgan. Shuningdek, tartibsizliklarning bosqichlari, ularning xavfsizlik va huquqiy tizimga tahdidi, davlat va jamiyat institutlarining ushbu jarayonlarga munosabati tahlil etilib, tadqiqot natijasida ommaviy tartibsizliklarning oldini olish, ularni boshqarish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Korrupsiyaning oldini olish – taraqqiyot va farovonlik garovi
Farrux GAYBULLAYEV
80
Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish – muhim strategik vazifa
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: iqlim inqirozi, beqarorlik va qutblanish davrida dunyo jamoatchiligi manfaatlarini himoya qilish uchun dunyo ahli mas’uliyatli rahbarlar va mustaqil institutlarga har qachongidan ham ko‘proq muhtoj. Shunga qaramay, ko‘pincha ular yetishmayapti. Maqolada O‘zbekistonda korrupsiyadan xoli muhit yaratish borasidagi keng ko‘lamli islohotlar strategiyasi yoritilgan.
Qahramon ERGASHEV
88
Korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash va ularni sodir etgan shaxslarni fosh etishning huquqiy asoslari tahlili
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: maqolada korrupsiyaga oid jinoyatlarni aniqlash va ularni sodir etgan shaxslarni fosh etishning milliy me’yoriy-huquqiy hujjatlari hamda xalqaro hujjatlarning mazmun-mohiyati tahlil qilinib, ulardagi bo‘shliqlarni bartaraf etish borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Sayyora MAXMUDOVA
99
Byudjet jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish – taraqqiyot va farovonlik garovi
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari davlat siyosatida muhim o‘rin egallab, bu borada ko‘plab huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirildi. Maqolada byudjet jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish taraqqiyot va farovonlik garovi ekanligi tahlillar asosida keng yoritilgan.
Tashqi siyosat masalalari va xorij tajribasi
Cho‘lpon ALKADYROVA
107
Qirg‘iz Respublikasi davlat-xususiy sheriklikning institutsional muhitini transformatsiya qilish: evolyutsiya va sinergiya
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: maqolada Qirg‘izistonda davlat-xususiy sheriklik (DXSh)ni rivojlantirishning o‘n yildan ortiq tajribasi tahlil qilinadi. Unda eskirgan konsessiya modellaridan zamonaviy, moslashuvchan hamkorlik mexanizmlariga o‘tish jarayoni ko‘rib chiqiladi. Siyosiy tavakkalchiliklar va tavakkalchiliklarni baholash metodikasining yo‘qligi kabi asosiy to‘siqlar aniqlangan, shuningdek, raqamlashtirish va dasturlarni tarmoqlar bo‘yicha ajratish orqali qonunchilikni takomillashtirish yo‘llari taklif etilgan.
Anvar YULDASHEV
113
Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati: shakllanish evolyutsiyasi va boshqa integratsion modellar bilan qiyosiy tahlili
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: ushbu maqolada postsovet makonida, xususan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya jarayonlarining institutsionallashuvi Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati (YevrAzES) misolida tadqiq etiladi. Tashkilotning 1995-yildagi Bojxona ittifoqidan boshlab, 2000-yilgi Ostona shartnomasigacha bo‘lgan tarixiy evolyutsiyasi va huquqiy asoslari tahlil qilinadi. Maqolada YevrAzESning boshqaruv tizimi, uning Yevropa Ittifoqi va ASEAN modellari bilan o‘ziga xos farqlari va o‘xshashliklari qiyosiy o‘rganilgan. Shuningdek, tashkilotning transport, energetika va mehnat migratsiyasi sohalaridagi ahamiyati hamda O‘zbekistonning ushbu integratsion tuzilmadagi ishtiroki va istiqbollari yoritilgan. YevrAzESning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) transformatsiyalashuvi integratsiyaning yangi bosqichi sifatida baholanadi.
Alisher Eshankulov
125
Parlamentlarda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish: xorijiy va milliy tajriba
Annotatsiya va maqola fayli
Annotatsiya: maqolada raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining parlament faoliyatiga integratsiyasi masalasi tadqiq etilib, Parlamentlararo ittifoq (PAI), Yevropa va AQSh parlamentlarining xorijiy tajribasi hamda O‘zbekiston parlamentining raqamlashtirish islohotlari tahlil qilingan. Maqolada SIning qonun ijodkorligi, analitik jarayonlar va jamoatchilik bilan muloqotni takomillashtirishdagi roli ochib berilib, shu bilan birga, ma’lumotlar xavfsizligi, algoritmik bias va etik xatarlar masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot asosida O‘zbekiston parlamenti uchun inson nazoratidagi (human-in-the-loop) bosqichma-bosqich integratsiya, “laboratoriya muhiti”da sinovdan o‘tkazish va etik me’yorlar asosida SI texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha siyosiy-huquqiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Jurnalning ushbu sonini barcha maqolalari bilan bitta PDF fayl ko‘rinishida yuklab olishingiz mumkin.
Ushbu sonni to‘liq yuklab olish