Xonimlar va janoblar!

Mamlakatda olib borilayotgan tizimli islohotlar davlat boshqaruvi oldiga – xalq farovonligiga xizmat qiluvchi samarali, shaffof va mas’uliyatli boshqaruvni shakllantirishdek muhim vazifani qo‘ymoqda. 2025-yil 5-may kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–78-sonli Farmoni bu yo‘nalishdagi islohotlarning strategik yo‘nalishini belgilab berdi. Ushbu tarixiy hujjat asosida davlat boshqaruvi sohasida professional, halol, tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yetakchi kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. Ana shunday yuksak ishonch va mas’uliyatni his etgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bugun davlat xizmatchilarini yangicha yondashuv asosida tayyorlash, ularning kasbiy salohiyatini doimiy oshirib borish, global tendensiyalar va milliy qadriyatlar uyg‘unligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.


Akademiya faoliyatida quyidagi prinsiplar ustuvor o‘rin tutadi:

  • Xalq bilan ochiq va samarali muloqot olib borishga tayyor kadrlarni tayyorlash;
  • Javobgarlik, halollik va natijadorlikka tayangan boshqaruv madaniyatini targ‘ib qilish;
  • Davlat xizmatining insonparvarlik mohiyatini chuqur anglash;
  • Tinglovchilarimizda haqiqiy liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish.

Akademiyaning har bir tinglovchisi, har bir bitiruvchisi – bu mamlakat kelajagini o‘z zimmasiga olishga qodir, halol xizmat qilishga tayyor shaxs bo‘lishi kerak.

Akademiya jamoasining fidokorona mehnati, olib borilayotgan ta’lim va ilmiy faoliyat, xalqaro hamkorlik va amaliy loyihalar orqali milliy boshqaruv maktabini rivojlantirishga qaratilgan. Mamlakatimizda davlat xizmatini tubdan isloh qilishga qaratilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda, davlat xizmatchilari uchun zamonaviy tayyorgarlik muhitini yaratishda, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda Akademiyaning o‘rni bundan keyin ham yanada ortib borishiga ishonaman.
Akademiya bir qator xalqaro tashkilotlar, institutlar va fondlar vakillik idoralari bilan samarali aloqalarni о‘rnatgan. Mazkur aloqalar konstruktiv xarakterga ega bо‘lib, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyasi, mahalliy hukumat organlari faoliyati, boshqaruvning samaradorligiga erishishga hissa qо‘shuvchi turli tarmoqlardagi hamkorlikni о‘zida mujassam etadi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining xalqaro hamkorlik strategiyasida chet el ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan о‘zaro kelishuv va memorandumlar asosida amalga oshiriladigan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday hamkorlikning asosiy maqsadi davlat boshqaruvi sohasidagi eng ilg‘or xorij amaliyotini о‘rganishdan iborat.

Hurmat bilan,
Akademiya rektori

Bog‘lanish uchun:
Telefon raqami: 71-239-89-00
Elektron pochta manzili: [email protected]
Qabul kunlari: Shanba

Salixov Jasur Shavkatovich

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining rektori