Akademiyaning asosiy maqsadi boshqaruv kadrlari va mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etish, shuningdek, davlat xizmati, siyosati va boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari hamda hududlarni boshqarish va rivojlantirish hamda inson resurslarini boshqarish, boshqaruv fani sohalarida fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish hisoblanadi.

О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, davlat xizmati, siyosati va boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari hamda hududlarni boshqarish va rivojlantirish, inson resurslarini boshqarish, shuningdek, boshqaruv fanining boshqa sohalarida fundamental hamda ilmiy ­amaliy tadqiqotlar olib boradigan tayanch davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. О‘zbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent shahrida joylashgan.

1995-yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi sifatida tashkil etilgan. 2012-yilda ushbu ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etildi. Akademiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF–78-sonli Farmoni asosida tubdan isloh qilinib, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi sifatida qayta tashkil etildi.


Akademiya faoliyatining asosiy vazifa va yo‘nalishlari:

ta’lim dasturlarini xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etish hamda ularni boshqaruv kadrlarining kasbiy kompetensiyalarini milliy qonunchilik talablari va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida rivojlantirishga yo‘naltirish

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari hamda milliy qadriyatlarimiz va axloq normalarini inobatga olgan holda 4 yaratiladigan professional kompetensiyalar asosida kadrlar tayyorlash va ularning salohiyatini muntazam oshirishni tashkil etish

davlat xizmatchilarining malakasini muntazam oshirib borish va qayta tayyorlash, shuningdek, boshqaruv kadrlarini magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarida oʻqitish

ilgʻor xorijiy tajribaga muvofiq davlat fuqarolik xizmatchilari (keyingi o‘rinlarda - davlat xizmatchilari) va boshqaruv kadrlarining salohiyatini muntazam rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish

ta’lim va tadqiqot jarayonlarini fakultetlar va kafedralar negizida tashkil etiladigan ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan ta’lim - tadqiqot - amaliyot maktablari orqali olib borish

boshqaruv kadrlari va davlat xizmatchilarini tayyorlash, ularning malakasini oshirishda raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash, ularning raqamli kompetensiyalarini muntazam oshirib borish

ta’lim va tadqiqot jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, o‘quv jarayonini ilg‘or xorijiy tajribalarga muvofiq LMS tizimi va “Raqamli akademiya" platformasi orqali tashkil etish

davlat xizmati va boshqaruvini takomillashtirish, "Oʻzbekiston - 2030" strategiyasi, soha va tarmoqlarni rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarni samarali bajarish va maqsadlarga erishish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va amaliy takliflar ishlab chiqish


Ta’lim dasturlari

Magistratura ta’lim dasturlariga tinglovchilar davlat buyurtmasiga asosan davlat granti va tulov-kontrakt bо‘yicha, shuningdek, ochiq tanlov yо‘li bilan tо‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Magistratura ta’lim dasturlari bitiruvchilariga belgilangan namunadagi diplom va magistr darajasi beriladi.
Kadrlarni qayta tayyorlash belgilangan davlat talablari asosida olti oygacha davom etadigan о‘quv rejalari va dasturlari bо‘yicha amalga oshiriladi. Qayta tayyorlash kursi tinglovchilariga belgilangan namunadagi diplom beriladi.
Kadrlar malakasini oshirish belgilangan davlat talablari asosida bir oygacha davom etadigan о‘quv dasturlari bо‘yicha amalga oshiriladi. Malaka oshirish kursi tinglovchilariga belgilangan namunadagi sertifikat topshiriladi.

Hamkorlik

О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi bir qator xalqaro tashkilotlar, institutlar va fondlar vakillik idoralari bilan samarali aloqalarni о‘rnatgan. Mazkur aloqalar konstruktiv xarakterga ega bо‘lib, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiyasi, mahalliy xukumat organlari faoliyati, boshqaruvning maksimum samaradorligiga erishishga xissa qо‘shuvchi turli tarmoqlardagi hamkorlikni о‘zida mujassam etadi.

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining xalqaro hamkorlik strategiyasida chet el ta’lim muassassalari va ilmiy markazlari bilan о‘zaro kelishuv va memorandumlar asosida amalga oshiriladigan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday hamkorlikning asosiy maqsadi davlat boshqaruvi sohasidagi eng ilg‘or xorij amaliyotini о‘rganishdan iborat.