Mazkur o‘quv kursi Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Prezident Administratsiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Prezidentning Xalq qabulxonasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan kursning birinchi bosqichida respublikaning barcha hududlaridan 67 nafar sog‘liqni saqlash tizimi rahbar va mutaxassislari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar davomida aholi murojaatlari bilan ishlash, korrupsiyaning oldini olish, samarali muloqot, jamoatchilik fikrini tahlil qilish hamda zamonaviy rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kurs yakunida ishtirokchilar tomonidan tizim faoliyatini takomillashtirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va tibbiyot muassasalarida boshqaruv madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan qator amaliy takliflar bildirildi.
Mazkur o‘quv kursi sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini keng joriy etish hamda professional rahbarlar korpusini shakllantirishga xizmat qiladi.