Forum sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va inson kapitalining davlat boshqaruvi kelajagini shakllantirishdagi o‘rnini muhokama qilish maqsadida yetakchi xalqaro ekspertlar, olimlar hamda davlat sektori amaliyotchilarini bir maydonga jamladi.
Rektor o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilishning ustuvor strategik yo‘nalishlarini taqdim etib, boshqaruvni raqamli transformatsiya qilish, sun’iy intellekt texnologiyalarini davlat xizmati tizimiga integratsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish hamda zamonaviy davlat xizmatchilarining kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Forum doirasida Akademiya rektori Jasur Salixov hamda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Azamat Jolmanov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda institutsional hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilinib, davlat boshqaruvi uchun sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma darslik yaratish, uning mazmunini O‘zbekiston va Qozog‘iston tajribasiga asoslangan amaliy keyslar bilan boyitish, yetakchi professor-o‘qituvchilar va amaliyotchilar ishtirokida muntazam onlayn master-klasslar hamda mehmon ma’ruzalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Forumdagi ishtirok hamda ikki tomonlama uchrashuv yakunlari xalqaro akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvi sohasida ilg‘or bilim va eng yaxshi amaliyotlar almashinuvini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy, yuqori malakali va global raqobatbardosh boshqaruv kadrlarini tayyorlashga qaratilgan qo‘shma ilmiy-ta’lim tashabbuslarini rivojlantirishga xizmat qiladi.