O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi Qarshi hududiy filiali hamda Boshqaruv samaradorligi agentligining Qashqadaryo viloyati filiali hamkorligida “Yoshlarni davlat xizmatiga tayyorlash: ta’lim, liderlik va innovatsion yondashuvlar” mavzusida respublika masofaviy davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

05.06.2026
17
Davra suhbati

Tadbirda davlat organlari va tashkilotlari vakillari, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, davlat xizmatchilari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Zoom platformasi orqali tashkil etilgan davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori R.X. Shirinova ochib berdi. Kirish so‘zida mamlakatimizda davlat xizmatini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish hamda zamonaviy rahbar kadrlarni tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari xususida fikr yuritildi.

Davra suhbati davomida davlat xizmati tizimi uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmlari, yoshlarni davlat boshqaruviga jalb etishning institutsional asoslari, liderlik kompetensiyalarini rivojlantirish, boshqaruv qarorlarini qabul qilishda innovatsion yondashuvlardan foydalanish hamda raqamli texnologiyalarni davlat boshqaruvi jarayonlariga keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF–77 va PF–78-son farmonlarining mazmun-mohiyati, istiqbolli kadrlarni tayyorlash, Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda yoshlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishdagi ahamiyati atroflicha tahlil qilindi.

Tadbir yakunida davlat xizmati uchun raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, yoshlarning liderlik salohiyatini rivojlantirish hamda ularning davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.