Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi

11.03.2026
47
Uchrashuv

Xitoyning nufuzli oliy ta’lim muassasalari — Fudan universiteti professori Van Syaolin hamda Pekin pedagogika universiteti professori Chjan Si boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Mahallalari uyushmasida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha 2025-yilda olib borilgan tadqiqotlar natijalarini taqdim etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi prorektori Raima Shirinova hamda qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.

Muloqot davomida Xitoy tajribasini ilmiy jihatdan tahlil qilish hamda uni mahalliy boshqaruv tizimida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti hamkorligida joriy yil may oyida “Eng yaxshi hukumat — eng yaxshi boshqaruv” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi.