Akademiyada badiiy adabiyotlar taqdimotlari va ochiq munozaralar tashkil etildi

25.02.2026
37

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida magistr tinglovchilar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish hamda muloqot va notiqlik ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida badiiy adabiyotlar taqdimotlari va ochiq munozaralar tashkil etildi.

Tadbir davomida tinglovchilar o‘zbek va jahon adabiyotining badiiy, tarixiy hamda falsafiy asarlarini mutolaa qilib, tanlangan asarlar bo‘yicha slayd taqdimotlar o‘tkazdilar. Unda muallif pozitsiyasi, asarning g‘oyaviy yo‘nalishi, jamiyat va shaxs kamolotidagi o‘rni hamda bugungi davr bilan uyg‘un jihatlari yuzasidan tahlillar olib borildi.

Ochiq munozaralar jarayonida tinglovchilar o‘z fikrlarini asosli bayon etish, turli nuqtai nazarlarni hurmat qilish, mantiqiy tahlil yuritish hamda dalillar asosida xulosa chiqarish ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Shuningdek, notiqlik mahorati va auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–9-son qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan ham fikr almashildi. Mazkur hujjat doirasida kitobxonlik muhitini rivojlantirishning ma’naviy-intellektual tafakkurni yuksaltirishdagi o‘rni ta’kidlandi.