Tuman (shahar) hokimlari hamda tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari uchun davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va sun’iy intellekt texnologiyalarini boshqaruv amaliyotiga tizimli joriy etishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi.

21.01.2026
40
Seminar

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida tuman (shahar) hokimlari hamda tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari uchun davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va sun’iy intellekt texnologiyalarini boshqaruv amaliyotiga tizimli joriy etishga qaratilgan o‘quv-seminar tashkil etildi.

Tadbir davomida mas’ul tashkilotlar rahbarlari raqamlashtirish gigiyenasi, raqamli xavfsizlik va ma’lumotlar bilan ishlash madaniyatining davlat boshqaruvidagi hal qiluvchi o‘rni, shuningdek, sun’iy intellekt yechimlaridan oqilona va mas’uliyatli foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Qayd etildiki, raqamli madaniyat bugungi kunda alohida texnologiya emas, balki samarali davlat boshqaruvining institutsional asosiga aylanib bormoqda.

Akademiya rektori J. Salixov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda davlat boshqaruvida ish jarayonlari va ma’lumotlarni raqamlashtirish borasida muhim tizimli ishlar amalga oshirilgani, shu bilan birga, kelgusida proaktiv va zamonaviy rahbar qiyofasini shakllantirishda kadrlarning raqamli kompetensiyalari, ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, yurtboshimiz tomonidan o‘tkazilgan tegishli yig‘ilishlardan birida 2030-yilga borib O‘zbekistonni sun’iy intellekt sohasida “TOP–50” davlatlar qatoriga kiritish strategik maqsad sifatida belgilanganini eslatib, bu marraga erishish uchun harakatni bugundan, eng avvalo, mahalliy darajada boshlash zarurligiga alohida urg‘u berdi.

To‘rt bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ushbu o‘quv-seminarlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari ishtirokida bosqichma-bosqich tashkil etilib, ularda jami 208 nafar tuman (shahar) hokimi hamda 15 nafar tashkiliy-kadrlar guruhi rahbarlari malaka oshiradi. Mazkur format hududiy boshqaruvning real ehtiyojlari va imkoniyatlarini inobatga olgan holda bilim va tajriba almashinuvini ta’minlashga qaratilgan.

Seminarlar doirasida sun’iy intellektni hududiy boshqaruvga joriy etish mexanizmlari, raqamli boshqaruv yechimlarining amaliy samaradorligi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish va prognozlashda ma’lumotlardan foydalanish masalalari markaziy o‘rinni egallaydi. Bu esa qaror qabul qilish jarayonlarida subyektiv yondashuv o‘rniga tahlil va dalilga asoslangan boshqaruv modelini shakllantirishga xizmat qiladi. O‘quv jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar, strategik taqdimotlar va ochiq muhokamalar shaklida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular hududiy rahbarlarning real boshqaruv vazifalari bilan bevosita bog‘langan.