Tadbir davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida o‘zaro hurmat, ishonch hamda barqaror taraqqiyotga asoslangan hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Akademiya vakillari mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni, uning ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash va mahalliy iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyati haqida xalqaro auditoriyaga taqdimot qildilar.
Simpozium doirasida Akademiya rektori Jasur Salixov onlayn taqdimot bilan ishtirok etdi.
“Mahalla — bu nafaqat tarixiy ijtimoiy institut, balki jamiyatni birlashtiradigan noyob boshqaruv modeli. Ilm-fan, amaliy tajriba va xalqaro hamkorlik uyg‘unligi hududlarning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada O'zbekiston hamda Yaponiya xalqlari o'rtasida mushtarak tomonlarimiz ko'p”, – deya ta’kidladi rektor.
Ma’ruzada Akademiyaning zamonaviy davlat boshqaruvi kadrlari va mahalliy yetakchilarni tayyorlash, hududlarda tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish borasidagi ustuvor vazifalari ham qayd etildi.