“Magistratura” dasturining 2025–2026 o‘quv yili uchun rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

24.11.2025
92
Ta'lim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash hamda ularni davlat boshqaruvi va xizmatiga samarali jalb etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-78-sonli Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida transformatsiyalangan “Magistratura” dasturining 2025–2026 o‘quv yili uchun rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, mazkur o‘quv yilida jami 165 nafar eng sara tinglovchi o‘qishga qabul qilindi. Shundan 120 nafari – Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan tavsiya qilingan davlat idoralarida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritayotgan tinglovchilar, 45 nafari esa ochiq tanlov asosida o‘qishga qabul qilingan tinglovchilardir.

Tantanali marosimda Akdemiya rektori Jasur Salixov tinglovchilarga omad tilab:
“Belgilangan Farmon (https://www.lex.uz/docs/7520315)davlat boshqaruvi uchun yangi davrni boshlab berdi. Bu e’tibor — mamlakat rahbarining zamonaviy kadrlar tayyorlash masalasiga qay darajada ustuvor vazifa sifatida qaralayotganining yorqin dalili. Akademiyada tayyorlanadigan kadrlar mamlakat boshqaruvining kelajak arxitektori bo‘ladi, sizlar — keyingi 10–15 yilda davlat boshqaruvini ilgariga yetaklaydigan liderlar, mamlakat taraqqiyotining yangi drayverlarisiz”,
deya ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, bugundan boshlab tinglovchilar "Davlat boshqaruvi”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini boshqarish” yo‘nalishlarida tahsil oladilar, turli davlat organlari va tashkilotlarida, mamlakatimizning yirik kopmpaniyalarida amaliyot o‘taydi. Shu bilan birga o‘quv yili yakunida o‘zlashtirish darajasi yuqori deb topilgan tinglovchilar хorijda amaliyot o‘tashi ko‘zda tutilgan.