Akademiya delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi sermahsul bo‘ldi

06.09.2025
42
Xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi delegatsiyasi Koreya Respublikasida bo‘lib o‘tgan Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi huzuridagi Mahalliy davlat organlari xodimlarini rivojlantirish instituti (LOGODI)ning 60 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “LOGODI Global Forum 2025” da ishtirok etdi.

Tashrif davomida delegatsiya mazkur davlatdagi nufuzli ta’lim muassasalari bilan ko‘plab samarali kelishuvlarga erishdi hamda o‘zaro manfaatli muzokaralar o‘tkazdi.

Forumning ochilish marosimida 15 ga yaqin xorijiy mamlakat vakillari, Koreya Respublikasi Ichki ishlar va xavfsizlik vaziri, hukumat va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy elchixonalar hamda yetakchi universitetlar ishtirok etdi.

Unda Akademiya rektori Jasur Salixov “Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi transformatsiyasi: davlat fuqarolik xizmatida inson resurslarini rivojlantirish tizimini modernizatsiya qilishning strategik yo‘nalishlari” mavzusida taqdimot qildi. Ma’ruzada O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, Prezidentimizning 2025-yil 5-maydagi PF–78-son Farmoni doirasidagi ustuvor vazifalar yoritib berildi.

Forum doirasida LOGODI Prezidenti An Jun Ho bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, qo‘shma o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar hamda maqsadli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Shuningdek, joriy yil noyabr oyida Akademiyaga tashrif buyurish va yo‘l xaritalarini tasdiqlash rejalashtirildi.

Delegatsiya Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri — Jeonbuk Milliy universitetida ham bo‘ldi. Universitet prezidenti professor O-Bong Yang bilan uchrashuvda sun’iy intellekt sohasidagi faoliyat va loyihalar bilan tanishildi hamda 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekistonda uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Koreya Davlat boshqaruvi instituti (KIPA) prezidenti Kuk-ju Kvon bilan uchrashuvda Akademiya tarkibiy bo‘linmalari va markazlari bilan hamkorlikda tadqiqotlar yo‘l xaritasini ishlab chiqish, magistrantlar uchun xalqaro anjuman va davra suhbatlarini tashkil etish, tadqiqotchilar uchun Koreyada qisqa muddatli malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.

Tashrif doirasida Koreya Milliy inson resurslarini rivojlantirish instituti (NHI)da ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Institut infratuzilmasi bilan tanishildi, qo‘shma o‘quv dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi va bu dasturlarni 2025-yil oktyabr–noyabr oylarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.

Хorijiy talabalar uchun Akademiya magistratura dasturlari haqida ma’lumot berildi hamda yangi kelishuvlarga erishildi. Shu bilan birga, “Young Leaders” (Yosh liderlar) dasturini 2026-yildan PF–78-son Farmoni doirasida yanada takomillashtirish va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kelishib olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, Akademiya delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi nafaqat xalqaro forum doirasida tajriba almashish, balki ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish, davlat boshqaruvi hamda inson resurslarini rivojlantirish tizimini modernizatsiya qilish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.