O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida prorektor R.Shirinova boshchiligida mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Akademiyani 2025–2026-yillarda kompleks rivojlantirishga doir Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida boshqaruv sohasida yangi g‘oyalarni shakllantirish, zamonaviy tendensiyalarni tahlil qilish hamda ochiq professional muloqot madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-uslubiy mexanizmlarni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida davlat boshqaruvi sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalar, davlat va nodavlat sektor o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali muloqot madaniyatini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hududiy va sohaviy muammolarni zamonaviy tahliliy yondashuvlar asosida innovatsion yechimlar orqali hal etish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida Akademiyaning “Jamiyat va boshqaruv” jurnalining yangi elektron platformasi taqdim etildi. Mazkur platforma dolzarb ilmiy tadqiqotlarni ommalashtirish, ekspertlar o‘rtasida tizimli fikr almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish uchun zamonaviy imkoniyat yaratadi.