O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Oliy ta’limdan keyingi ta’lim va tadqiqotlar maktabi tomonidan professor-o‘qituvchilar, izlanuvchilar hamda tinglovchilar uchun DFG (Deutsche Forschungsgemeinschaft) — Germaniya ilmiy tadqiqotlar jamg‘armasining grant tizimi va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi o‘rniga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda Germaniyaning Anhalt amaliy fanlar universiteti dotsenti Nilufar To‘xboyeva tomonidan olib borildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga DFG grant tizimining o‘ziga xos jihatlari, Germaniyada ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish mexanizmlari, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlari hamda samarali ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish usullari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Xususan, DFG Germaniyadagi eng yirik mustaqil ilmiy moliyalashtirish tashkilotlaridan biri bo‘lib, asosan fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgani ta’kidlandi. Shuningdek, Individual Research Grants, Collaborative Research Centres (CRC) hamda Research Training Groups (RTG) kabi dasturlar orqali tadqiqotchilar uzoq muddatli ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy maktablar yaratish va xalqaro konsorsiumlar shakllantirish imkoniyatiga ega ekani qayd etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga xalqaro grantlarga ariza topshirishda loyiha konsepsiyasini aniq shakllantirish, kuchli ilmiy hamkorlar bilan ishlash hamda tadqiqot natijalarining amaliy va akademik ahamiyatini asoslash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mazkur seminar Akademiyada xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, ilmiy salohiyatni oshirish hamda tadqiqotchilarning grant dasturlaridagi faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.