O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ilmiy faoliyatni rivojlantirish hamda tadqiqotlarni xalqaro darajaga olib chiqishga qaratilgan “Fanlararo tadqiqotlar va Scopus: ilmiy natijalarni xalqaro darajaga olib chiqish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarni xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olima, dunyoning TOP 2% olimlari ro‘yxatiga kiritilgan, Global Young Academy, TWAS va IAS a’zosi, Scopus (h-indeks: 54) ko‘rsatkichiga ega ekspert Dilfuza Egamberdiyeva olib bordi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga fanlararo tadqiqotlarning zamonaviy ilm-fandagi o‘rni, ilmiy natijalarni xalqaro miqyosda tan olinadigan darajaga olib chiqish mexanizmlari hamda Scopus bazasida indekslangan nufuzli jurnallarda maqola chop etishning amaliy jihatlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, ilmiy izlanishlarda innovatsion yondashuvlarni qo‘llash, tadqiqot sifatini oshirish, ilmiy natijalarni tijoratlashtirish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar Akademiyaning professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar hamda tinglovchilar uchun ochiq muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga ekspert tomonidan batafsil javoblar berildi hamda amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Tadbir yakunida ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish, xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash hamda ilmiy natijalarni Scopus kabi nufuzli platformalarda keng targ‘ib etish bo‘yicha muhim xulosalar bildirildi.
Mazkur seminar Akademiyada ilmiy-tadqiqot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, fanlararo yondashuvlarni keng joriy etish hamda ilmiy natijalarni global ilmiy hamjamiyatga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.