Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) hamda Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi (XIFA) tomonidan, XIFA Prezidenti Gao Syanning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etilgan “Global transformatsiya va davlat boshqaruvi” mavzusidagi O‘zbekiston–Xitoy ilmiy simpoziumida ishtirok etdi.
Mazkur simpozium davlat boshqaruvi sohasida xalqaro ilmiy-analitik muloqotni chuqurlashtirish, zamonaviy boshqaruv modellarini tizimli tahlil qilish hamda ilm-fan va ta’lim yo‘nalishlarida istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni shakllantirishga qaratildi. Tadbir O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikning institutsional mazmunini boyituvchi muhim ilmiy platforma sifatida e’tirof etildi.
Akademiya rektori J. Salikhov o‘z ma’ruzasida bugungi global transformatsiya sharoitida davlat boshqaruvi samaradorligi, avvalo, inson kapitalining sifati, strategik fikrlash va institutsional barqarorlik bilan bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoyni davlat siyosatida inson manfaatlarini ustuvor qo‘ygan yondashuv birlashtirib turishini qayd etdi.
Simpozium doirasida kechgan muloqot ikki mamlakat o‘rtasida davlat boshqaruvi, ilmiy tadqiqotlar va rahbar kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.