O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Jumayev Nodir Xosiyatovich ishtirokida “Murojaatnoma–2026: ustuvor vazifalar, imkoniyatlar va mas’uliyat” mavzusida mahorat darsi tashkil qilindi.
Tinglovchilar davlat siyosatini shakllantirish va uni huquqiy jihatdan ta’minlash mexanizmlari, qonunchilik tashabbuslari ilgari surilishidan tortib, ularning amaliy ijrosigacha bo‘lgan bosqichlar haqida bevosita ma’lumot olish va muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur mahorat darsi, avvalo, Akademiya tinglovchilari uchun davlat siyosatini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq etish jarayonini tizimli ravishda anglash imkonini berdi. Murojaatnoma–2026 da belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati, ularning normativ-huquqiy asoslari hamda parlament darajasida ko‘rib chiqilish mexanizmlari atroflicha sharhlab berildi.
Uchrashuv davomida ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar siyosatini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan islohotlarning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Tinglovchilar davlat siyosatini shakllantirish jarayonida tahlil, asoslangan qaror qabul qilish va ijro intizomi muhim o‘rin tutishini chuqurroq angladilar.
Interaktiv muloqot formati ochiq savol-javoblar orqali qonunchilik jarayonining amaliy bosqichlarini bevosita muhokama qilish imkonini berdi. Bu esa tinglovchilarda strategik fikrlash, institutsional mas’uliyat va davlat boshqaruvida professional yondashuvni mustahkamlashga xizmat qildi.