Tadbirda ushbu tashabbus Akademiyani Markaziy Osiyodagi eng ilg‘or raqamli davlat xizmatchilarini tayyorlash, qayta tayyorlashga ixtisoslashgan xalqaro darajadagi markazga aylantirishni maqsad qilingani alohida qayd etildi.
Loyiha doirasida Akademiyaning onlayn ta’lim platformalari, sun’iy intellekt asosidagi smart ta’lim markazi, media markazi hamda elektron kutubxonasi zamonaviy texnologiyalar bilan to‘liq jihozlanishi qayd etildi. Shuningdek, Akademiya professor-o‘qituvchilari va xodimlarining malakasini oshirish loyihaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani bildirildi.
Akademiya rektori J.Salixov o‘z nutqida muhtaram yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan Farmon asosida Akademiyada amalga oshirilgan transformatsion jarayonlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Hususan, davlat siyosati va boshqaruvi sohasida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohada ilmiy-innovatsion tadqiqotlar va xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash hamda magistratura bosqichida tubdan takomillashtirilgan yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yilganini alohida ta’kidladi.
Koreya Respublikasi Davlat kadrlarini boshqarish bo‘yicha vakil, loyiha rahbari Leem Byeonggeun “Loyiha avvalo salohiyatni diagnostika qilish, tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish va sun’iy intellektga asoslangan smart ta’lim markazini yaratishni nazarda tutadi. Birinchi bosqichda davlat xizmatchilari va tadqiqotchilarning kompetensiyalari chuqur tahlil qilinadi. Ikkinchi bosqichda ushbu tahlil asosida milliy ehtiyojlarga moslashtirilgan ta’lim kontenti va tadqiqot salohiyati rivojlantiriladi. Uchinchi bosqichda esa sun’iy intellekt asosida ishlovchi, 24/7 rejimida foydalanish mumkin bo‘lgan smart ta’lim ekotizimi yaratiladi. Ushbu tizimlar orqali foydalanuvchilar istalgan vaqt va sharoitda bilimini oshirishi mumkin bo‘ladi. Yakuniy maqsad — Akademiyani Markaziy Osiyoda eng yuqori sifat va kompetensiyalarga ega davlat xizmatchilarini tayyorlaydigan yetakchi institutga aylantirishdir”, deya ta’kidladi.
Tadbirda yaratilajak tizim orqali davlat xizmatchilari o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustaqil va doimiy tarzda vaqt va makondan qat’i nazar rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi bildirildi. Bu esa kelgusida davlat xizmatchilarinig AT sohasida kompitensiyalarini yanada oshirishga asos bo‘ladi. Natijada davlat islohotlariga nisbatan jamoatchilik ishonchi yanada ortishiga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu hamkorlik Akademiyaning institutsional salohiyatini mustahkamlash bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida raqamli davlat boshqaruvini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, Akademiyaning xalqaro nufuzini oshirishga, uni mintaqaviy darajada raqobatbardosh ta’lim va ekspertlik markazi sifatida ilgari surishga, shuningdek, Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida o‘zaro ishonchga asoslangan barqaror va strategik hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.