O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida davlat boshqaruvi tizimida zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi.

27.03.2026
51
Ta'lim

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-189-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda hamda davlat organlarida raqamlashtirish uchun mas’ul rahbar o‘rinbosarlari, mutaxassislar va tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlarining sun’iy intellekt yo‘nalishidagi bilim va ko‘nikmalarini tizimli ravishda rivojlantirishni nazarda tutadi.

Seminarlarning birinchi bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlaridan kelgan 86 nafar tinglovchi ishtirok etdi. Dastur nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, unda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, raqamli boshqaruv vositalari, ma’lumotlar tahlili hamda boshqaruv qarorlarini qabul qilishda zamonaviy yondashuvlar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirildi.

Shuningdek, ishtirokchilarning Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi tashkil etilib, ular sohada amalga oshirilayotgan ilg‘or loyihalar bilan bevosita tanishdi. Bu esa nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qildi.

Mazkur seminarlar davlat boshqaruvida raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, qaror qabul qilish jarayonlarini ma’lumotlarga asoslash hamda boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qayd etish joizki, ushbu loyiha ilgari ham Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, dastlabki 4 bosqich doirasida 208 nafar tuman (shahar) hokimi va 15 nafar kadrlar guruhi rahbarlari qamrab olingan.

Ushbu tashabbus davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va zamonaviy boshqaruv tafakkuriga ega kadrlar tayyorlashga qaratilgan tizimli islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.