Kuni kecha Akademiya rektori Jasur Salixov, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul vakili Alisher Eranov ishtirokida Prezidentimiz tomonidan e’lon qilingan PF-78-sonli Farmonning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan muloqot tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti bitiruvchisi, Chevening va JDS dasturlari stipendiati. U xalqaro strategiya bo‘yicha magistrlik darajasini York (Buyuk Britaniya) va Vaseda (Yaponiya) universitetlarida olgan, shuningdek, Oksford va Tokio universitetlarida tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritgan.
2007-yilda PhD (dotsent) ilmiy darajasini olgan. 15 yildan ortiq iqtisodiyot va mikroiqtisodiyot fanlari bo‘yicha dars va seminarlar o‘tkazgan.
J.Salixov bungacha Xalqaro Vestminster universitetida iqtisodiy va moliya masalalari bo‘yicha prorektor (2008–2009), Singapur menejmentni rivojlantirish instituti rektori (2014–2023), hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti rektori (2023–2025) lavozimlarida ishlagan.