Bugun, 26-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov Xanns Zaydel jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori janob Konstantin Blashke bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik natijalari ko‘rib chiqildi. Xususan, “Hokimlikka tayyorlash maktabi” dasturining dastlabki samaralari yuqori baholandi. Ushbu qo‘shma loyiha 2024-yilda O‘zbekiston va Germaniya yetakchilari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan edi. Dastur doirasida 40 nafar rahbar kadrlar tayyorlandi. Bitiruvchilardan bir qismi yuqori lavozimlarga tayinlandi, bir nafari Prezident farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Shuningdek, 21 nafar bitiruvchi Germaniyada amaliyot o‘tab, mahalliy boshqaruvning ilg‘or nemis tajribalarini o‘rgandi. Tomonlar dastur samaradorligini e’tirof etib, uni Prezidentimizning PF–78-son Farmonida belgilangan vazifalar doirasida institutsionallashtirish va kelgusidagi faoliyatini kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar. Uchrashuv yakunida tomonlar Akademiya va Xanns Zaydel jamg‘armasi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.