O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Yaponiyaning TOP-10 talikka kiruvchi Nagoya universiteti delegatsiyasi (professor Yamauchi Akira rahbarligida) bilan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida davlat xizmatchilari va ilmiy tadqiqotchilar uchun qo‘shma ta’lim, malaka oshirish va ilmiy-tadqiqot dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Nagoya universiteti professor-o‘qituvchilari Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti vakillari uchun ASCI doktorlik dasturi – ish faoliyatidan ajralmagan holda 3 yil davomida xalqaro ilmiy daraja olish imkonini beruvchi ta’lim loyihasi haqida taqdimot qildilar.
Tadbirning ochilish marosimida Akademiya rektori Jasur Salixov ham ishtirok etib, malakatimisiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bo‘lajak rahbar kadrlar oldiga qo‘ygan vazifalari va ushbu yo‘lda xalqaro tajriba haqida gapirib o‘tdi.
Nagoya universiteti delegatsiya a’zolarining yoshlar bilan uchrashuvdan so'ng, Akademiya rektori Jasur Salixov bilan muloqoti o'tkazildi. Kelajak hamkorlar Akademiyada amalga oshirilayotgan transformatsion jarayonlar bilan tanishdi. Uchrashuv davomida:
– qo‘shma akademik dasturlar va o‘quv kurslarini ishlab chiqish;
– professor-o‘qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
– qisqa muddatli tayyorlov va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish;
– hamkorlikning navbatdagi bosqichida anglashuv memorandumi (MoU)ni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish haqida kelishib olindi.
Professor Yamauchi Akira Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan islohotlar va Akademiya oldiga qo‘yilgan yangi vazifalarni e’tirof etib, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Nagoya universiteti o‘rtasidagi hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.