Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Italiya Tashqi ishlar vazirligi Markaziy Osiyo bo‘yicha koordinatori Federiko Fayla hamda Bolonya universiteti vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif do‘stona ruhda boshlandi — mehmonlar dastlab Akademiyaning o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari, yaratilgan shart-sharoitlar, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlar, raqamli infratuzilmasi va transformatsion jarayonlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng, tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokara olib bordi.
Akademiya rektori Jasur Salixov:
“Davlat xizmatchilari uchun xalqaro aloqalar geografiyasini kengaytirish, Yevropa tajribasi va zamonaviy bilimlardan foydalanish imkoniyatini yaratish Akademiyaning ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi. Bolonya universiteti – o‘zining tarixiy an’analari, ilmiy salohiyati va xalqaro nufuzi bilan tanilgan maskan. O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi akademik hamkorlik — nafaqat ta’lim sifati, balki davlat boshqaruvida innovatsion fikrlash, kadrlar salohiyatini oshirish hamda ilmiy tadqiqotlar rivoji yo‘lida tajriba almashish borasida yangi bosqichni boshlab beradi”
Uchrashuv yakunida tomonlar Akademiya va Bolonya universiteti bilan hamkorlikda:
- qisqa muddatli ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va tadbiq etish;“holat tahlili (case-study)”ga asoslangan o‘quv dasturlarini yaratish;
- tinglovchilar, magistratura talabalari, tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish;
- onlayn ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish;
- Italiyaning hududiy rivojlanish modellari, tajribasi va innovatsion strategiyalari bilan tanishish;
- barqaror rivojlanish, resurslarni boshqarish va "yashil" iqtisodiyot yo‘nalishlarida “Summer School” (Yozgi maktab)larini tashkil qilish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.