2025-yil 26-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “O‘zbekiston hududlarda ‘yashil’ iqtisodiyotni rivojlantirish: yutuq va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiya “yashil” iqtisodiyot sohasidagi islohotlarni rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va istiqboldagi vazifalarni belgilashga qaratildi.
Tadbirning ochilishida Akademiya rektori Jasur Salixov so‘zga chiqdi. Konferensiyada tegishli vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro tashkilotlar (BMT Taraqqiyot dasturi, GIZ, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, GGGI, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqalar), xorijiy ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar ishtirok etdi.
Kun tartibida O‘zbekiston hududlarida “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar, barqaror atrof-muhit boshqaruvi va iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonlari, Singapur tajribasi, Urganch shahrida “yashil” iqtisodiyot tashabbuslari, “yashil” moliya va tadbirkorlikni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek mahalliy hokimiyat organlarining ushbu yo‘nalishdagi roli va vakolatlari muhokama qilindi.
Mazkur tadbir doirasida hududiy tashabbuslarni amalga oshirish, huquqiy asoslarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, barqaror biznes modellarini yaratish va mahalliy xodimlarning salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yakunda “O‘zbekiston hududlarida ‘yashil’ iqtisodiyotni rivojlantirish” loyihasi taqdimoti o‘tkazilib, xalqaro hamkor tashkilotlar vakillarining taklif va tavsiyalari tinglandi.
Konferensiya mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.