O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Akademiyaning Xalqaro akademik maslahat kengashi a’zosi, xalqaro ekspert Endryu Tempelman ishtirokida konsultativ maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi, unda Akademiyani modernizatsiya qilish va institutsional transformatsiyani amalga oshirishga qaratilgan mavjud yondashuvlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida Prezidentning 2025-yil 5-maydagi PF–78-son Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, ularning strategik va institutsional samaradorligi tahlil qilindi. Shu bilan birga, Akademiyani davlat siyosati va boshqaruvi sohasida bilim, tahlil va amaliyot uyg‘unligini ta’minlovchi yetakchi markazga aylantirish, ta’lim jarayoniga natijadorlikka yo‘naltirilgan boshqaruv, strategik rejalashtirish hamda qarorlar qabul qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur maslahatlashuv Akademiya faoliyatini xalqaro akademik makonga integratsiya qilish, global ekspertlar bilan tizimli hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy davlat siyosatini shakllantirishda innovatsion va milliy boshqaruv yondashuvlarini izchil tatbiq etishga xizmat qilishi qayd etildi.