“Hokimlikka tayyorlash maktabi” dasturining birinchi mavsumi yakunlandi

20.05.2025
43
Ta'lim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Hokimlikka tayyorlash maktabi” qo‘shma ta’lim dasturining birinchi mavsumi bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur dastur 2024-yil 16-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Germaniya Federativ Respublikasi sobiq Federal kansleri Olaf Shols tomonidan boshlangan “Hokimlikka tayyorlash maktabi” konsepsiyasi asosida tashkil etilgan edi.

Tantanali marosimda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati, Germaniya elchixonasi vakillari, Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi, Hanns Zaydel jamg‘armasi hamda Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar, shuningdek, mahalliy OAV va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdilar.

Akademiya rektori Jasur Salixov o‘z tabrigida quyidagilarni taʼkidladi:
“Ushbu qo‘shma dastur ikki davlat o‘rtasidagi chuqur ishonch, strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik ruhining yorqin ifodasidir. Ayniqsa, Hanns Zaydel jamg‘armasi, Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi hamda GIZ ko‘magida muvaffaqiyatli bosqichga chiqqan birinchi mavsum, davlat boshqaruvi sohasida yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.”

“Bavariya — bu nafaqat Germaniyaning iqtisodiy yuragi, balki davlat xizmati va kadrlar tayyorlashda institutsional yondashuvlari bilan xalqaro miqyosda tan olingan hudud. Aynan shuning uchun Bavariya tajribasi dasturimizning markazida turdi,” — deya ta’kidlandi marosimda.

Dastur doirasida O‘zbekistonning barcha hududlaridan 49 nafar davlat xizmatchisi ta’lim oldi. Ular barqaror rivojlanish, strategik boshqaruv, raqamli transformatsiya, mahalliy muammolarni hal qilishda zamonaviy yechimlar, jamoatchilik bilan samarali muloqot bo‘yicha ilg‘or yondashuvlarni o‘rgandilar.

Alohida ajralib chiqqan 20 nafar faol ishtirokchi Hanns Zaydel jamg‘armasi ko‘magida 2025-yilning 9–16-mart kunlari Bavariya hududidagi davlat organlari va muassasalarida 10 kunlik amaliyot (stajirovka) o‘tab, Germaniyaning markazlashmagan boshqaruv modeli, idoralararo hamkorlik mexanizmlari, byudjetlashtirish va jamoatchilik bilan ishlash tajribasi bilan bevosita tanishdilar.

Qolgan ishtirokchilar esa Xitoy Xalq Respublikasida ilg‘or tajriba asosida stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa dasturga global ko‘lam va ko‘p tomonlama sifat bag‘ishladi.
Dastur bitiruvchilari orasida:
1 nafar vazir o‘rinbosari,
1 nafar viloyat hokimi o‘rinbosari,
2 nafar viloyat boshqarmasi boshlig‘i,
1 nafar viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari,
3 nafar tuman hokimi,
1 nafar shahar hokimi o‘rinbosari,
4 nafar boshqa muhim boshqaruv lavozimlariga tayinlangani dasturning samasidan darak beradi.

Shuningdek, bitiruvchilardan biri “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lib, bu dastur doirasida erishilgan yuksak natijalarni yanada yorqin ifodalaydi.

Tadbir yakunida Akademiya rahbariyati Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi, Hanns Zaydel jamg‘armasi va GIZ bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma dasturlar va innovatsion loyihalarni kengaytirish istagini bildirdi.

Tadbir yakunida bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Ular “Hokimlikka tayyorlash maktabi” doirasida orttirilgan bilim va ko‘nikmalarni O‘zbekistonning mahalliy davlat boshqaruvi tizimiga joriy qilishda faol ishtirok etishlari kutilmoqda.