Hududiy filiallar faoliyati o‘rganilmoqda: davlat boshqaruvi sifatini oshirishga qaratilgan tizimli yondashuv

14.04.2026
77
Ta'lim

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallari faoliyati izchil o‘rganilmoqda. Mazkur jarayonning asosiy maqsadi hududlarda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining malakasini oshirish tizimini kuchaytirish, zamonaviy boshqaruv kompetensiyalarini shakllantirish hamda o‘quv jarayonlarini yagona institutsional standartlar asosida takomillashtirishdan iborat.

Akademiya prorektori Sh. Valiyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi filiallar faoliyati joyiga chiqib kompleks tahlil qilindi. O‘rganishlar natijasida Sirdaryo viloyatida o‘quv jarayonlarini tizimlashtirish, o‘quv-uslubiy materiallarni yagona standart asosida tasdiqlash, amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish hamda mavjud texnik vositalardan samarali foydalanishni ta’minlash zarurligi qayd etilgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida moddiy-texnik bazani yangilash va kengaytirish, raqamli infratuzilmani mustahkamlash hamda o‘quv jarayonini to‘liq raqamlashtirish uchun qo‘shimcha resurslar ajratish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, bugungi kunda Akademiyaning respublika bo‘ylab 5 ta hududiy filiali faoliyat yuritmoqda va ularning faoliyatini tizimli o‘rganish orqali davlat xizmatchilarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, inson kapitalini kompleks rivojlantirish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar butun respublika miqyosida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.