“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi: eng munosiblar taqdirlandi

24.05.2025
45
Ta'lim

O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovi – iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning ilmiy-texnik salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi muhim tashabbusdir.

Bugun, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida mazkur tanlovning Respublika bosqichi bo'lib o'tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirni “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Salimov ochib berdi. U kirish so‘zida yoshlarning ilm-fanga qiziqishini rag‘batlantirishda bunday tanlovlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Oqil Umrzoqovich Salimov — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi Fanlari akademiyasi akademigi, texnika fanlari doktori, professor.
Uning ilm-fan va ta’lim sohalaridagi xizmatlari yuksak e’tirof etilib, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. U yetishtirgan kadrlar bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimida Akademiya rektori Jasur Salixov ishtirok etdi. U o‘z tabrigida yoshlarni kelgusidagi faoliyatlarida ulkan zafarlar kutayotganini tilab, ular bilan faxrlanishini bildirdi.