“Yosh liderlar” o‘quv dasturi bitiruv marosimi: bilim, amaliyot va yutuqlar sarhisobi

25.07.2025
38
Ta'lim

2025-yil 25-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Yosh liderlar” dasturining tantanali bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosim avvalida Akademiya rektori Jasur Salixov so‘zga chiqib, dastur mazmuni, yo‘nalishlari hamda erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi. U “Yosh liderlar” dasturini zamonaviy boshqaruv tizimi uchun yosh kadrlarni tayyorlashda muhim qadam sifatida e’tirof etdi.

Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshirig‘i asosida Boshqaruv samaradorligi agentligi va Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish milliy instituti bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Uch oy davom etgan o‘quv jarayoni nazariy ta’lim, mustaqil izlanishlar, davlat tashkilotlarida stajirovka va xorijiy amaliyotni o‘z ichiga oldi. O‘zlashtirishda yuqori natijaga erishgan 15 nafar faol tinglovchi va 1 nafar professor-o‘qituvchi Koreya Respublikasida bo‘lib, ilg‘or boshqaruv tajribalari bilan yaqindan tanishdi.

Yakunda 26 nafar tinglovchi dasturda samarali qatnashib, ta'lim dasturini muvaffaqiyatli yakunladi.

“Yosh liderlar” dasturining muvaffaqiyatli yakunlanishi O‘zbekistonda zamonaviy, samarali va ilg‘or boshqaruv tizimi uchun yetuk, mas’uliyatli hamda strategik fikrlovchi yosh kadrlarni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.