2025-yil 8–12-sentabr kunlari Akademiya dotsenti Davron Bekchanov hamda bosh ilmiy xodim Temur Muminov Erasmus+ dasturining “ESGCA – Markaziy Osiyoda ekologik, ijtimoiy va boshqaruv sohasidagi dolzarb masalalar” loyihasi doirasida Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida tashkil etilgan xalqaro seminar-treningda ishtirok etdilar.
Seminar Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu akademiya davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishda mamlakatning yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Dastur doirasida “Uglerod ta'siri, suv va chiqindilarni boshqarish”, “Ekologik, ijtimoiy va boshqaruv omillari hamda oliy ta’limning kelajagi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, seminar ishtirokchilari qo‘shma tavsiyalar ishlab chiqish hamda davlat boshqaruvida ekologik va ijtimoiy tamoyillarni amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Tadbirda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Slovakiya, Ruminiya va Italiyadan jami 26 nafar olim, davlat xizmatchisi va ekspertlar qatnashdi. Ushbu muloqot barqaror rivojlanish, yashil iqtisodiyot va ijtimoiy mas’uliyat sohalarida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yakuniy marosimda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Azamat Jolmanov nutq so‘zlab, mazkur loyiha doirasidagi tajriba almashinuvi davlat xizmatchilarini tayyorlashda yangi bosqichni boshlab berishi va mintaqaviy hamkorlik salohiyatini kuchaytirishini alohida ta’kidladi.
Mazkur seminar-trening yakunlari asosida Akademiya faoliyatida yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishga oid fanlarni o‘quv dasturlariga kiritish, milliy yashil brendlarni rivojlantirish hamda xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma ilmiy-amaliy tashabbuslarni kengaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilab olindi.