O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida davlat boshqaruvi organlarining axborot-tahlil va strategik rivojlanish boshqarmalari rahbarlari uchun maxsus seminar-trening tashkil etildi.
Ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, ushbu tashabbus davlat boshqaruvining yangi metodologik bosqichi ekanini qayd etib, mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan PF–201-son Farmoni ijrosi samarali tashkil qilish maqsadida amalga oshirilayotgani, strategik boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish va tahliliy salohiyatni kuchaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladilar.
Akademiya rektori Jasur Salixov zamonaviy rahbar uchun analitik tafakkur, ma’lumotlarni tizimli tahlil qilish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalana bilish va inqirozli vaziyatlarda tezkor, asosli yechim topish ko‘nikmalari hal qiluvchi ahamiyatga egaligini alohida qayd etdi.
Seminar-trening dasturi doirasida ishtirokchilar quyidagi mavzularni chuqur o‘rganadilar:
- davlat boshqaruvida tahliliy faoliyatni tashkil etishning zamonaviy yondashuvlari;
- iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni strategik tahlil qilish;
- sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari;
- inqirozli vaziyatlarda qaror qabul qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
Yetakchi aqliy markazlar, tajribali ekspertlar va amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbir yakunida ishtirokchilarning nafaqat “qattiq” (analitik), balki “yumshoq” (kommunikativ va boshqaruv) kompetensiyalarini ham rivojlantirish, strategik tahlil, ma’lumotlarni qayta ishlash, natijadorlikni baholash hamda innovatsion boshqaruv madaniyatini joriy etish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari rejalashtirilgan.