“Istiqbolli xotin-qiz kadrlar” maxsus dasturi doirasidagi malaka oshirish kurslari yakunlandi

26.09.2025
33
Ta'lim

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Sport vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan salohiyatli va istiqbolli xotin-qizlar uchun tashkil etilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslari o‘z nihoyasiga yetdi.

Tadbirda Sport vaziri Adxam Ikramov hamda Akademiya rektori Jasur Salixov ishtirok etib, kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirdilar.

Mazkur dastur Prezidentimizning 2025-yil 19-iyundagi 95-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatida xotin-qizlar ulushini 2030-yilgacha 40 foizga yetkazish, yuqori rahbarlik lavozimlariga maqsadli tayyorlash va milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlarning ulushini oshirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, dastur doirasida Sport vazirligi tizimidagi 18 mingdan ortiq xotin-qiz kadrlardan tanlab olingan 140 nafar nomzod orasidan 30 nafari test sinovlari va suhbat yakunlariga ko‘ra malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.