Bugun, Akademiyada “Davlat boshqaruvi organlari xodimlarining kasbiy va rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirishda Bavariya tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir salohiyatli kadrlar tayyorlash va ularni davlat xizmatiga samarali jalb etish bo‘yicha Prezidentimizning PF–78-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, davlat boshqaruvi organlari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Germaniyaning Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi, Hanns Zaydel jamg‘armasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va boshqa hamkor tashkilotlar, shuningdek, mahalliy OAV va ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.
"Bavariya nafaqat Germaniyaning iqtisodiy va boshqaruv markazlaridan biri, balki kadrlar tayyorlash va davlat xizmati sohasidagi ilg‘or va institutsional yondashuvlari bilan xalqaro miqyosda tan olingan hududdir.
Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi (Bayerische Verwaltungsschule) Yevropadagi eng nufuzli muassasalardan biri bo‘lib, u jahon reytinglarida o‘zining amaliyotga yo‘naltirilgan, kompetensiya asosidagi ta’lim dasturlari bilan ajralib turadi", — dedi Akademiya rektori Jasur Salixov davra suhbati avvalida.
Ayniqsa, Bavariya Davlat boshqaruvi maktabi prorektori Raymond Helfrixning "Davlat boshqaruvi organlari xodimlarida kasbiy va rahbarlik ko'nikmalarini rivojlantirish" mavzusidagi ma'ruzasi barchada katta taassurot qoldirdi.
Davra suhbati yakunida yig'ilganlar tomonidan Bavariya tajribasini o‘zlashtirish, mahalliy shart-sharoitga moslashtirgan holda amaliy treninglar, simulyatsiya laboratoriyalari, keys-stadilar va rahbarlik kompetensiyalarini aniqlash vositalarini joriy etish bo‘yicha tavsiyaviy takliflar berildi.