Bugun Akademiyada mazkur dasturlarga qabul qilingan tinglovchilar uchun o‘quv yilining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Akademiya rektori Jasur Salixov zamonaviy davlat boshqaruvi tizimi yuqori malakali, strategik fikrlaydigan va o‘z bilim hamda kompetensiyalarini muntazam ravishda boyitib boradigan kadrlarni talab etishini ta’kidladi.
— Akademiya sizlarga bilim, tajriba va professional rivojlanish uchun zarur imkoniyatlarni taqdim etadi. Biroq erishiladigan natija, avvalo, har biringizning intilishingiz, mehnatingiz va shaxsiy mas’uliyatingizga bog‘liq. Davlat boshqaruvida haqiqiy professionallik uzluksiz o‘qish, tahlil qilish va o‘z ustida ishlashdan boshlanadi, — dedi rektor.
Ta’kidlanganidek, magistratura dasturlari zamonaviy davlat boshqaruvi, strategik rejalashtirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, inson kapitalini boshqarish va rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Mazkur dasturlar davlat boshqaruvi sohasida tahliliy fikrlaydigan, dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish qobiliyatiga ega, o‘zgarishlarni samarali boshqara oladigan va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish salohiyatiga ega rahbar kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.