Tadbirda davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, xalqaro va mahalliy tashkilotlar ekspertlari, shuningdek, xorijiy hamda hamkor akademiyalar rahbarlari ishtirok etdi. Zamonaviy raqamli transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlashning institutsional mexanizmlari, kiber tahdidlar va ularga qarshi ilmiy-amaliy yondashuvlar muhokama qilindi.
Anjuman doirasida Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi rektori Jasur Salixov “Raqamli davrda qonun ustuvorligi: ta’lim klasterlari va akademiyalararo hamkorlikning yangi bosqichi” mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan sohaga doir hujjatlar asosida davlat boshqaruvi tizimida inson kapitali salohiyatini oshirish, ilmiy-tadqiqot va ta’lim integratsiyasiga asoslangan klaster yondashuvi haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlashda akademik muassasalar, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi tizimli aloqalarni kuchaytirish, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga tayangan barqaror ta’lim modelini shakllantirish bugungi kunda dolzarb, strategik vazifa ekanini qayd etdi.
Dunyo miqyosida kiberxavfsizlik, korrupsiya va raqamli jinoyatchilik kabi transmilliy tahdidlar kuchayib borayotgan davrda qator ilmiy-amaliy tashabbuslarni ilgari surdi:
— akademiyalararo hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlash;
— raqamli xavfsizlik, korrupsiyaga qarshi kurash va kiberjinoyatchilik masalalari bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, monografiyalar va ilmiy to‘plamlar tayyorlash;
— sohaviy seminarlar, ekspertlar o‘rtasida ilmiy-tadqiqot, tajriba almashuvi va qo‘shma loyihalarni tizimli yo‘lga qo‘yish;
— korrupsiyaga nisbatan toqatsizlik madaniyatini shakllantirish hamda kiberjinoyatchilikka qarshi huquqiy madaniyat va barqaror institutsional immunitetni oshirishga qaratilgan profilaktik ta’lim dasturlari, “halollik darslari” va onlayn amaliy mashg‘ulotlarni ishlab chiqish, shular jumlasidan.