O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Valid Fuke ishtirokida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

03.12.2025
51
Xalqaro hamkorlik

Uchrashuv avvalida Akademiya rektori J. Salixov janob Valid Fukeni yangi diplomatik tayinlovi bilan samimiy qutlab, elchi faoliyatini davlat boshqaruvi sohasida istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan hamkorlikni rivojlantirishdan boshlaganini yuqori baholadi.

Muzokaralar davomida davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, rahbar kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy modellarini joriy etish, ta’lim jarayonlariga xalqaro ilg‘or amaliyotlarni keng tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida tajriba almashish platformalarini shakllantirish davlat boshqaruvida samarali kadrlar siyosatini amalga oshirishda muhim bosqich ekanini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida:

- professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar uchun qo‘shma ta’lim va tadqiqot, tajriba almashish loyihalarini davom ettirish; — grant va ekspertlik mexanizmlarini kuchaytirish; — xalqaro amaliyotga asoslangan stajirovkalarni rivojlantirish; — qo‘shma o‘quv modullari va treninglar tashkil etish;

- “Rahbar ayollar” dasturi doirasida xalqaro tajriba, keys-tahlillar va mentorlik mexanizmlarini joriy etish;

- institutsional hamkorlikni mustahkamlash kabi yo‘nalishlar konstruktiv sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda janob Valid Fukeni Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi sifatida ishonch yorliqlarini qabul qilgan edi.