Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida buyuk mutafakkir — Alisher Navoiy hamda shoh va shoir — Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi.

09.02.2026
33
Ta'lim

“Ikki dahoning bir nafasi: Navoiy va Bobur” mavzusida tashkil etilgan tadbirda ajdodlarimizning bebaho ilmiy-adabiy merosi, adolat, insonparvarlik va ma’naviy komillik g‘oyalari ulug‘landi.

Akademiya prorektori Raima Shirinova kirish so‘zida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning nafaqat mumtoz adabiyot taraqqiyotida, balki davlat boshqaruvi tafakkuri, yetuk shaxs va barkamol jamiyat tamoyillarini shakllantirishdagi beqiyos tarixiy o‘rnini alohida ta’kidladi.

Bayram dasturi doirasida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri aktyorlari tomonidan Navoiy va Bobur siymolari jonlantirilgan badiiy monologlar ijro etildi. Shuningdek, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Benkov hamda Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan san'at va musiqa maktablari ijodiy jamoalari yosh ijrochilari tomonidan mumtoz kuy-qo‘shiqlar, g‘azal va ruboiylar yuksak mahorat bilan taqdim etildi.

Tadbir yakunida Akademiya magistrlari, ishtirokchilar ushbu ma’naviy-ma’rifiy kecha buyuk ajdodlarimiz merosiga hurmat, Vatanga sadoqat va kelajak oldidagi mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qilganini alohida e’tirof etdilar.