Mazkur tashabbus joriy yil 13-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashga qaratilgan.
O‘quv kursida hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman tibbiyot birlashmalari, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika tez tibbiy yordam markazi filiallarining 140 nafar rahbar va mas'ul xodimi ishtirok etmoqda.
O‘quv dasturi zamonaviy davlat boshqaruvi tamoyillari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, tinglovchilarning aholi murojaatlari bilan ishlash, korrupsiyaning oldini olish, raqamli sog‘liqni saqlash texnologiyalaridan samarali foydalanish, psixologik barqarorlikni ta'minlash, samarali muloqot olib borish hamda zamonaviy rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Mashg‘ulotlar nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida tashkil etilib, keyslar, simulyatsiyalar, guruhli tahlillar va interaktiv mashqlar orqali olib boriladi. Tinglovchilarning kompetensiyalari kirish va yakuniy assessmentlar asosida baholanib, ularning kasbiy rivojlanish dinamikasi tahlil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil aprel oyida mazkur tashabbus doirasida ichki ishlar organlari tergov sohasi rahbarlari uchun ham qisqa muddatli maxsus o‘quv kursi tashkil etilgan edi.
Mazkur kurs sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy boshqaruv madaniyatini mustahkamlash, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda davlat xizmatlari sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.