O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ekspertlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

04.06.2026
27
Xalqaro hamkorlik

Uchrashuvda Akademiya rektori Jasur Salixov mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–78-son Farmoni asosida davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, soha uchun yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tayyorlash, raqamli transformatsiya hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida so'zlab berdi.

Muloqot davomida inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan va Akademiya missiyasiga hamohang bo‘lgan quyidagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi:
🔹 Ayollar yetakchiligi (Women Leadership): davlat xizmatida xotin-qizlarning rolini oshirish, ularning rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda “Rahbar ayollar” dasturi doirasida xalqaro stajirovkalarni tashkil etish.
🔹 Kasbiy salohiyatni oshirish (Training of Trainers Centre): davlat xizmatchilari va professor-o‘qituvchilar uchun Milliy trenerlar tayyorlash markazini tashkil etish hamda zamonaviy aralash ta’lim (Blended Learning) texnologiyalarini joriy qilish.
🔹 Ilmiy va nashriyot hamkorligi: davlat boshqaruvi, inson resurslari (HR) va iqtidorli kadrlar bilan ishlash sohalarida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda yangi avlod darsliklarini tayyorlashga moliyaviy-ekspertlik ko‘magini jalb etish.
🔹 Raqamli infratuzilma: masofaviy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va innovatsion raqamli ta’lim platformalarini rivojlantirish.

Uchrashuv xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, akademik va ekspertlik aloqalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvi sohasida “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” tamoyilini ilgari surish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.