Tadbir avvalida Akademiya rektori J. Salikhov professor Devid Grinni qabul qildi. Uchrashuv davomida Akademiyaning faoliyati, tinglovchilarni tayyorlash jarayoni hamda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish yo‘nalishidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Akademiya oldiga qo‘yilgan vazifalar doirasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni milliy boshqaruv tizimiga tatbiq etish muhim yo‘nalishlardan biri ekani qayd etildi.
Mahorat darsini ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor Raima Xakimova ochib berib, xalqaro ekspertlar bilan ilmiy muloqot zamonaviy boshqaruvda tahliliy yondashuvni mustahkamlashini ta’kidladi.
Professor rivojlangan davlatlarda mehnat bozori transformatsiyasi, demografik o‘zgarishlar va migratsiya siyosatining iqtisodiy o‘sishga ta’siri haqida ma’ruza qildi. Shuningdek, inson kapitali sifatini oshirishda ta’lim va kasbiy tayyorgarlikning strategik o‘rni yoritildi. Muhokamalar davomida mehnat bozori siyosati, xalqaro migratsiyani tartibga solish mexanizmlari hamda inson kapitaliga investitsiya samaradorligi yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunida xalqaro tajribani ilmiy tahlil asosida o‘rganish va boshqaruv qarorlarini dalillarga tayangan holda shakllantirish zarurligi ta’kidlandi.