O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi.

13.02.2026
55
Forum

Tadbir iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va yetakchilik salohiyatini rivojlantirish hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishga tayyorlashga qaratildi.

Forum doirasida Akademiya va “El-yurt umidi” jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirilgan yagona kadrlar klasteri sifatida namoyon bo‘ldi. Jamg‘arma iqtidorli yoshlarni xalqaro ta’lim va ilg‘or akademik tajriba bilan ta’minlar ekan, Akademiya ularning bilim va salohiyatini davlat siyosati va boshqaruv amaliyotiga samarali integratsiya qilishda muhim institutsional platforma vazifasini bajaradi.

Mazkur klaster yondashuvi iqtidorlarni aniqlashdan boshlab, ularni tayyorlash, rivojlantirish va davlat boshqaruvi tizimiga jalb etishgacha bo‘lgan uzviy jarayonni ta’minlaydi. Ushbu model davlat boshqaruvi uchun zamonaviy, tahliliy fikrlaydigan va global tajribaga ega kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Ma’lumot uchun: 2025-yilda ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilgan ikki tanlov yakunlariga ko‘ra, jami 237 nafar yosh “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori deb e’tirof etildi. Ular dunyoning 20 dan ortiq davlatlaridagi yetakchi universitetlarda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.