O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi o‘qituvchilari va magistrlaridan iborat delegatsiya tajriba almashish va malaka oshirish dasturi doirasida Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi.

04.06.2026
34
Xalqaro hamkorlik

Tashrifning ochilish marosimida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori, akademik Urxan Alakbarov hamda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Bahrom Ashrafxonov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakatda rahbar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, delegatsiya uchun ishlab chiqilgan bir haftalik ta’limiy va amaliy dastur taqdim etildi. O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Sarvar Inagamov tomonidan hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan ishonch xati hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbir doirasida akademik Urxan Alakbarov tomonidan akademiyaning professor-o‘qituvchilar tarkibi tanishtirildi hamda davlat boshqaruvida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, raqamli transformatsiya jarayonlari va boshqaruv samaradorligini baholash bo‘yicha Ozarbayjon tajribasi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va zamonaviy rahbar kadrlarni tayyorlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak baholandi. Xususan, davlat siyosati sohasida strategik qarorlar qabul qilishga qodir, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash masalasi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etildi.

Mazkur stajirovka dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining davlat xizmatchilari va tinglovchilarni xalqaro tajriba asosida tayyorlashga qaratilgan tizimli faoliyatining amaliy ifodasidir. Akademiya tomonidan tinglovchilarning xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim va boshqaruv muassasalarida stajirovka o‘tashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ularning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or boshqaruv amaliyotlarini o‘rganish va xalqaro hamkorlik ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tashrif doirasida o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, seminarlar va amaliy muloqotlar O‘zbekiston hamda Ozarbayjon o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasidagi ilmiy-ta’limiy hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.