O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasi Farg‘ona hududiy filialida navbatdagi o‘quv-trening mashg‘ulotlari va intellektual bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Filial o‘qituvchisi Qahramon Uzaqov “Rahbarning boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish”, Filial direktori, iqtisod fanlari bo‘yicha PhD Umidjon Fozilov esa “Kreativ va tanqidiy fikrlash” mavzularida mahorat darslarini olib bordilar.
Ochiq muloqot va amaliy topshiriqlar shaklida tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ishtirokchilar o‘z g‘oyalari va takliflarini himoya qildilar, guruhlarda esa jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashdi.
Kunning ikkinchi yarmida xodimlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Unda yigirma jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Yakunda eng kuchli uch jamoa diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu o‘quv seminari tinglovchilarda boshqaruv va liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, kreativ va tanqidiy fikrlashni shakllantirish, jamoada samarali ishlash hamda kasbiy salohiyatni oshirishga xizmat qildi.