Akademiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islamov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig'matilla Yo‘ldoshev so‘zga chiqdi.
Konferensiyada so‘nggi yillarda xotin-qizlar va bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish, milliy qonunchilik va xalqaro standartlar asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ahamiyati qayd etildi.
Tadbirda, shuningdek, himoya orderlari tizimini takomillashtirish, zo‘ravonni tuzatish dasturlari, ijtimoiy xizmatlar standartlari hamda jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar oilaviy va shahvoniy zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish, bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish borasida fikr almashib, aniq takliflar ishlab chiqishdi.