Prezidentimizning tegishli PF-78-son Farmoni bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu dastur zamonaviy boshqaruv kompetensiyalariga ega, strategik fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli ayol rahbarlarni tayyorlash, shuningdek, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan.
Akademiya rektori J.Salixov o'z so'zi davomida egallanadigan zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar, shuningdek, dunyoning ilg‘or tajribalari bilan tanishish imkoniyati ishtirokchilarning kelgusi faoliyati uchun mustahkam poydevor bo‘lishini ta’kidladi. Shu bilan birga, u tinglovchilar Yangi O‘zbekiston islohotlarini amalga oshirishda faol ishtirok etadigan, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan salohiyatli rahbarlar bo‘lib yetishishiga ishonch bildirdi.
Tadbir davomida rahbar ayollarning davlat boshqaruvidagi o‘rni va roli, ular zimmasiga yuklatilayotgan yuksak mas’uliyat hamda zamonaviy boshqaruv tizimida rahbar kadrlarga qo‘yilayotgan talablar yuzasidan atroflicha muloqotlar tashkil etildi. Xususan, strategik fikrlash, tizimli qaror qabul qilish, liderlik kompetensiyalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish, doimiy bilim va malakani oshirib borish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek "Rahbar ayollar" maktabi bitiruvchilari ham so‘zga chiqib, mazkur dasturning rahbar ayollarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, liderlik ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda boshqaruv sohasidagi bilim va tajribalarini boyitishdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shu bilan bir qatoda, ular dastur doirasida orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ishtirokchilar bilan samimiy fikr almashdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, oliy ta’lim muassasalaridan innovatsiya yaratgan olimalar, iqtidorli qizlar hamda mazkur dasturning oldingi bitiruvchilari va dastur tinglovchilari ishtirok etdi.