1. SIYOSIY-HUQUQIY SOHALARDAGI BILIMLAR

Mazkur bo‘lim nomzodlarning davlat boshqaruvi, hududiy rivojlanish siyosati, konstitutsiyaviy-huquqiy tizim, mahalliy boshqaruv hamda hududiy taraqqiyotning strategik asoslari bo‘yicha bazaviy bilimlari, tahliliy fikrlashi va hududiy muammolarni baholash ko‘nikmalarini aniqlashga qaratiladi.

Mazkur bo‘lim doirasida nomzodlarning:

  • hududiy rivojlanish siyosatining mazmun-mohiyatini tushunishi;
  • hududiy boshqaruv tizimi va uning funksiyalarini bilishi;
  • hududlarning iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlanish jarayonlarini tahlil qila olishi;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati bo‘yicha bilimlari;
  • hududiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari va rivojlanish strategiyalarini tushunishi;
  • investitsiya, urbanizatsiya va ekologik barqarorlik masalalariga oid bazaviy tushunchalari;
  • hududiy muammolarni aniqlash va ularga nisbatan tizimli yondashuv asosida xulosa chiqarish qobiliyati;
  • fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik ishtirokining hududiy taraqqiyotdagi rolini tushunishi aniqlanadi.

Savollar nomzodlarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki hududiy rivojlanish bilan bog‘liq jarayonlarni tahlil qila olishi, statistik va analitik ma’lumotlar asosida xulosa chiqarishi, hududiy boshqaruvga oid vaziyatlarga nisbatan mantiqiy va asoslangan yondashuv bildira olishini baholashga yo‘naltiriladi.

 

 

 

1-mavzu. Milliy davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy tafakkur va hududiy boshqaruv asoslari

Markaziy Osiyo hududida shakllangan davlatchilik an’analari, ularning tarixiy rivojlanish bosqichlari hamda zamonaviy davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni. Davlat va jamiyat munosabatlari, markazlashgan boshqaruv, hududiy boshqaruv va ijtimoiy tartibni ta’minlash masalalari. Sharq mutafakkirlarining davlat boshqaruvi, adolatli jamiyat, ilm-ma’rifat, axloqiy yetuklik va rahbar mas’uliyatiga oid qarashlari. Abu Nasr Forobiyning “fozil jamiyat” va komil rahbar haqidagi g‘oyalari, davlat taraqqiyotida ilm-fan va ma’rifatning o‘rni. Abu Rayhon Beruniyning ilmiy tafakkur, insonparvarlik va jamiyat taraqqiyotiga oid qarashlari. Ibn Sinoning davlat boshqaruvi, axloq va inson kamoloti haqidagi fikrlari. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida davlat boshqaruvi, adolat va rahbar mas’uliyati masalalari. Alisher Navoiy asarlarida odil podshoh, insonparvarlik va adolat tamoyillari. Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarida davlat boshqaruvi, tartib-intizom, strategik va hududiy boshqaruv tamoyillari. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida davlat va jamiyat boshqaruviga oid qarashlar. Jadid mutafakkirlarining milliy uyg‘onish, zamonaviy ta’lim, islohotlar va milliy davlatchilik haqidagi g‘oyalari. Milliy davlatchilik an’analari va ularning zamonaviy davlat boshqaruvi hamda hududlarni kompleks rivojlantirish tizimidagi ahamiyati.

 

2-mavzu. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlari. Strategiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirishdagi ahamiyati. Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, davlat xizmatlari sifatini oshirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalari. Qonun ustuvorligini mustahkamlash, sud-huquq tizimini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari. Inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya tizimini rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan davlat siyosati. Iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli iqtisodiyot va innovatsion rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari. Ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini tejash, “yashil iqtisodiyot” va “yashil energiya” tamoyillarining davlat siyosatidagi o‘rni. O‘zbekiston Respublikasining ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosati, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqaro maydondagi tashabbuslarning asosiy yo‘nalishlari.

 

3-mavzu. Mahalliy davlat hokimiyati va hududiy boshqaruv

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari va davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni. Viloyat, tuman va shahar hokimliklarining vakolatlari, asosiy funksiyalari va faoliyat yo‘nalishlari. Hududiy boshqaruv tizimining tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv mexanizmlari. Hududiy boshqaruvda vakolat va javobgarlik masalalari. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish mexanizmlari. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining iqtisodiyot, investitsiya, infratuzilma, bandlik va ijtimoiy rivojlanish sohalaridagi faoliyati. Hududlarni rivojlantirishda sektorlar faoliyati va ularning o‘zaro hamkorligi. Mahalliy byudjetlar tizimi, hududiy moliyaviy boshqaruv va mahalliy moliya manbalari. Mahalliy byudjetlarning daromad va xarajatlari, hududiy iqtisodiy rivojlanishda moliyaviy resurslardan samarali foydalanish masalalari. Mahalliy kengashlarning vakolatlari va hududiy taraqqiyotdagi o‘rni. Hududiy boshqaruvda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash mexanizmlari.

 

4-mavzu. Hududiy iqtisodiy siyosat va investitsiyalar

Hududiy iqtisodiy siyosatning mazmun-mohiyati va asosiy vazifalari. Davlatning hududiy iqtisodiyotni tartibga solishdagi roli. Hududlarning iqtisodiy salohiyati va tabiiy-resurs imkoniyatlari. Hududlarga investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari va investitsiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlari. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ularning hududiy taraqqiyotdagi ahamiyati. Investitsion muhit va investitsion jozibadorlik tushunchalari. Erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari va texnoparklarning faoliyati hamda hududiy rivojlanishdagi o‘rni. Sanoatni hududiy joylashtirish tamoyillari va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish masalalari. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning hududiy iqtisodiyotdagi ahamiyati. Yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari. Hududiy iqtisodiy xavfsizlik va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari.

 

5-mavzu. Hududiy infratuzilma va urbanizatsiya

Hududiy infratuzilma tushunchasi, uning tarkibiy qismlari va hududiy rivojlanishdagi ahamiyati. Ishlab chiqarish, transport, energetika, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma turlari. Transport-logistika tizimini rivojlantirishning hududiy iqtisodiyotdagi o‘rni. Avtomobil, temir yo‘l, havo va multimodal logistika tizimlarini rivojlantirish yo‘nalishlari. Hududlarning tranzit salohiyati va logistika markazlarini rivojlantirish masalalari. Urbanizatsiya tushunchasi va urbanizatsiya jarayonlarining zamonaviy tendensiyalari. Shaharlar rivojlanishi, aholi migratsiyasi va urbanizatsiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari. Shaharsozlik siyosati va hududlarni rejalashtirish tamoyillari. Uy-joy siyosati, zamonaviy turar joy massivlari va kommunal xizmatlar tizimini rivojlantirish masalalari. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilmani modernizatsiya qilish yo‘nalishlari. “Aqlli shahar” konsepsiyasi, raqamli texnologiyalar asosida hududlarni boshqarish, ekologik va innovatsion urbanizatsiya tamoyillari.

 

6-mavzu. Ekologik barqarorlik va yashil rivojlanish

Ekologik xavfsizlik tushunchasi va barqaror rivojlanish tamoyillari. Atrof-muhitni muhofaza qilishning davlat siyosatidagi o‘rni. Ekologik muammolar va ularning hududiy rivojlanishga ta’siri. Suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalalari. Iqlim o‘zgarishi va uning hududiy rivojlanishga ta’siri. Cho‘llanish, suv tanqisligi va ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq zamonaviy muammolar. “Yashil iqtisodiyot” va “yashil energiya” tushunchalari. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish siyosati. Ekologik boshqaruv va ekologik monitoring tizimi. Hududlarni ekologik jihatdan barqaror rivojlantirish, ekologik madaniyatni shakllantirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari.

 

7-mavzu. Fuqarolik jamiyati va hududiy rivojlanish

Fuqarolik jamiyati tushunchasi, uning asosiy institutlari va demokratik jamiyatdagi o‘rni. Fuqarolik jamiyati institutlarining hududiy rivojlanishdagi ishtiroki. Nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari. Mahalla institutining jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va hududiy taraqqiyotga ta’siri. Mahallaning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik faolligini oshirish va jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi funksiyalari. Jamoatchilik nazorati, ijtimoiy sheriklik va fuqarolar ishtirokining asosiy mexanizmlari. Hududiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda aholi ishtiroki va ochiq muloqot tamoyillari. Fuqarolik tashabbuslari, ijtimoiy faollik va hududiy muammolarni hal etishda davlat va jamiyat hamkorligining ahamiyati.