KIRISH
Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining 70420204 – “Hududlarni kompleks rivojlantirish” magistratura mutaxassisligiga kiruvchi nomzodlarning hududiy rivojlanish, davlat boshqaruvi, iqtisodiy va ijtimoiy siyosat, strategik rejalashtirish, infratuzilma va hududiy boshqaruv sohalaridagi bazaviy bilimlari, intellektual salohiyati, tahliliy va mantiqiy fikrlash qobiliyati hamda xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Bugungi kunda mamlakat hududlarini mutanosib rivojlantirish, iqtisodiy salohiyatdan samarali foydalanish, urbanizatsiya jarayonlarini boshqarish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, hududlarni kompleks rivojlantirish sohasida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, strategik fikrlaydigan, analitik salohiyatli va hududiy boshqaruv masalalarini samarali hal eta oladigan mutaxassislarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Kirish test sinovlari nomzodlarning hududiy rivojlanish, davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ijtimoiy siyosat, infratuzilma, ekologik barqarorlik hamda strategik rejalashtirish sohalaridagi bilimlari, intellektual qobiliyati, tahliliy va mantiqiy fikrlashi hamda xorijiy tillarni bilish darajasini baholashga qaratiladi.
Kirish sinovlari nomzodlarning nafaqat nazariy bilimlari, balki hududiy muammolarni tahlil qila olish, ma’lumotlar asosida xulosa chiqarish, strategik yondashuvlarni ishlab chiqish, boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda hududiy rivojlanish bilan bog‘liq vaziyatlarga nisbatan tizimli yondashuvini aniqlash tamoyili asosida tashkil etiladi.
Kirish test sinovlari orqali nomzodlarning:
- hududiy rivojlanish siyosati va davlat boshqaruvi tizimini tushunishi;
- hududlarning iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy salohiyatini tahlil qila olishi;
- hududiy muammolar va rivojlanish omillarini baholash ko‘nikmalari;
- investitsiya, bandlik va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bazaviy bilimlari;
- urbanizatsiya, ekologik barqarorlik va infratuzilma masalalarini tushunishi;
- strategik va tizimli fikrlashi;
- boshqaruv qarorlarini qabul qilish salohiyati;
- zamonaviy boshqaruv va kommunikativ kompetensiyalari baholanadi.
Dastur mazmunini shakllantirishda hududiy rivojlanishning zamonaviy yondashuvlari, kompetensiyaviy baholash tamoyillari hamda xalqaro tajriba asoslari inobatga olingan. Test topshiriqlarini ishlab chiqishda nomzodlarning hududiy boshqaruvga oid jarayonlarni tushunishi, ma’lumotlarni tahlil qilishi, muammolarni baholashi, amaliy yechimlar taklif qila olishi hamda hududlarni barqaror rivojlantirishga oid strategik fikrlash kompetensiyalarini aniqlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Mazkur dastur hududlarni kompleks rivojlantirish sohasida magistratura ta’limini muvaffaqiyatli o‘zlashtira oladigan, hududiy taraqqiyot masalalariga mas’uliyat bilan yondashadigan, zamonaviy boshqaruv tafakkuriga ega hamda kelgusida davlat va hududiy boshqaruv tizimida samarali faoliyat yuritishga salohiyatli nomzodlarni saralashga xizmat qiladi.