1. IJTIMOIY-IQTISODIY SOHALARDAGI BILIMLAR

Mazkur bo‘lim nomzodlarning iqtisodiy tafakkuri, hududiy iqtisodiyot, strategik rejalashtirish, boshqaruv asoslari hamda zamonaviy rivojlanish jarayonlari bo‘yicha bazaviy bilim va tushunchalarini baholashga qaratiladi.

Mazkur bo‘lim doirasida nomzodlarning:

  • hududiy iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni tushunishi;
  • hududlar taraqqiyotiga ta’sir etuvchi iqtisodiy omillarni tahlil qila olishi;
  • strategik rejalashtirish va prognozlash asoslarini bilishi;
  • boshqaruvga oid vaziyatlarni baholash va ularga nisbatan asoslangan yondashuv bildira olishi;
  • iqtisodiy va boshqaruvga oid bazaviy tushunchalarni anglay olishi;
  • hududlarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy yechimlar taklif qila olishi;
  • zamonaviy boshqaruv kompetensiyalari va kommunikativ ko‘nikmalarni tushunishi aniqlanadi.

Savollar nomzodlarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni tahlil qila olishi, statistik va analitik ma’lumotlarni umumlashtirishi, boshqaruv bilan bog‘liq vaziyatlarga nisbatan tizimli va mantiqiy yondashuvi hamda amaliy fikrlash qobiliyatini baholashga yo‘naltiriladi.

 

8-mavzu. Hududiy iqtisodiyot asoslari

Hududiy iqtisodiyot tushunchasi, uning predmeti va asosiy kategoriyalari. Hududiy iqtisodiyotning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni. Hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir etuvchi tabiiy, demografik, ishlab chiqarish va infratuzilmaviy omillar. Hududiy iqtisodiy rivojlanishning asosiy ko‘rsatkichlari va mezonlari. Iqtisodiy o‘sish, hududiy raqobatbardoshlik va iqtisodiy samaradorlik tushunchalari. Hududlarning investitsion jozibadorligi va iqtisodiy salohiyatini baholash usullari. Mehnat resurslari, bandlik va aholi daromadlarining hududiy taraqqiyotdagi o‘rni. Hududlarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish masalalari. Hududlarning iqtisodiy ixtisoslashuvi va ishlab chiqarishni hududiy joylashtirish tamoyillari. Hududiy iqtisodiyotda innovatsiyalar, tadbirkorlik va investitsiyalarning ahamiyati. Hududiy iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha xorijiy tajriba va zamonaviy yondashuvlar.

 

9-mavzu. Ijtimoiy rivojlanish va inson kapitali

Inson kapitali tushunchasi va uning hududiy taraqqiyotdagi o‘rni. Inson kapitalining iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy rivojlanishga ta’siri. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarning hududiy rivojlanishdagi ahamiyati. Ta’lim tizimini rivojlantirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish masalalari. Professional ta’lim, oliy ta’lim va malaka oshirish tizimining hududiy iqtisodiyotdagi o‘rni. Sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va aholining tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish. Ijtimoiy himoya tizimi, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan davlat siyosati. Bandlikni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholining daromad manbalarini kengaytirish masalalari. Yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan davlat dasturlari. Hududlarda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va inson manfaatlarini himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari.

 

10-mavzu. Strategik rejalashtirish va prognozlash

Strategik rejalashtirish tushunchasi, uning maqsadi va asosiy bosqichlari. Hududlarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish tamoyillari. Strategik maqsad va vazifalarni belgilash mexanizmlari. Hududiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonlari. Prognozlash tushunchasi va prognozlash usullari. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish indikatorlari va statistik ko‘rsatkichlar tizimi. Hududlarni rivojlantirishda tahliliy ma’lumotlardan foydalanish, risklarni baholash va muqobil rivojlanish ssenariylarini ishlab chiqish masalalari. Maqsadli dasturlar va hududiy loyihalarni boshqarish tamoyillari. Strategik boshqaruvda monitoring va baholash tizimlari. Zamonaviy rejalashtirish va prognozlashning xalqaro tajribasi.

 

11-mavzu. Menejment va hududiy boshqaruv

“Menejment” va “boshqaruv” tushunchalarining mazmun-mohiyati va o‘zaro bog‘liqligi. Menejmentning asosiy tamoyillari, funksiyalari va boshqaruv tizimidagi o‘rni. Strategik va operatsion boshqaruvning asosiy yo‘nalishlari. Rejalashtirish, tashkil etish, muvofiqlashtirish, motivatsiya va nazorat funksiyalarining hududiy boshqaruvdagi ahamiyati. Rahbarlik va liderlik tushunchalari, rahbarlik uslublari va ularning boshqaruv samaradorligiga ta’siri. Jamoa bilan ishlash, vakolatlarni taqsimlash va xodimlarni rag‘batlantirish mexanizmlari. Hududiy boshqaruvda kommunikatsiya jarayonlari va samarali muloqot olib borish tamoyillari. Nizolarni boshqarish, muammoli vaziyatlarni hal etish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish usullari. Zamonaviy menejmentda innovatsion yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va boshqaruv samaradorligini oshirish masalalari.

  

12-mavzu. Raqamli iqtisodiyot va innovatsiyalar

Raqamli iqtisodiyot tushunchasi, uning asosiy yo‘nalishlari va zamonaviy iqtisodiyotdagi o‘rni. Raqamli transformatsiya jarayonlari va ularning hududiy rivojlanishga ta’siri. Hududiy boshqaruvda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish. Elektron hukumat tizimi va davlat xizmatlarini raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlari. Innovatsion rivojlanish, ilm-fan va texnologiyalarning iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rni. Startap ekotizimi, innovatsion markazlar va texnoparklar faoliyati. Sun’iy intellekt, “big data”, raqamli platformalar va zamonaviy texnologiyalarning boshqaruv tizimidagi ahamiyati. Raqamli iqtisodiyot sharoitida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik masalalari.

 

13-mavzu. Qaror qabul qilish va tahliliy fikrlash

Boshqaruv qarorlarining mazmuni va ularning boshqaruv tizimidagi o‘rni. Qaror qabul qilish zarurati va asosiy bosqichlari. Muammoni aniqlash, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish usullari. Tahliliy va tizimli yondashuv asosida muammolarni hal etish mexanizmlari. Statistik, grafik va jadval ko‘rinishidagi ma’lumotlarni tahlil qilish ko‘nikmalari. Muqobil variantlarni ishlab chiqish va eng maqbul yechimni tanlash mezonlari. Risklarni baholash va noaniqlik sharoitida qaror qabul qilish usullari. Kreativ va tanqidiy fikrlashning boshqaruvdagi ahamiyati. Muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqish va strategik qarorlar samaradorligini baholash masalalari.

 

14-mavzu. Zamonaviy boshqaruv kompetensiyalari

Zamonaviy rahbar uchun zarur bo‘lgan professional va shaxsiy kompetensiyalar. Strategik fikrlash, tashabbuskorlik, mas’uliyat va natijadorlikka yo‘naltirilgan faoliyat tamoyillari. Rahbarning kommunikativ ko‘nikmalari, samarali muloqot olib borish va muzokaralar tashkil etish usullari. Jamoa bilan ishlash, xodimlarni rag‘batlantirish va jamoada ijobiy muhit shakllantirish tamoyillari. Stressli vaziyatlarda samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish ko‘nikmalari. Nizolarni boshqarish va muammoli vaziyatlarga nisbatan konstruktiv yondashuv. Zamonaviy boshqaruvda raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlardan foydalanish. Rahbarning etik me’yorlarga rioya qilishi, ochiqlik, shaffoflik va javobgarlik tamoyillariga amal qilishi. Davlat boshqaruvi tizimida zamonaviy boshqaruv kompetensiyalarining o‘rni va ahamiyati.