1. SIYOSIY-HUQUQIY SOHALARDAGI BILIMLAR

         Mazkur bo‘lim nomzodlarning davlat moliyasi, davlat boshqaruvi, konstitutsiyaviy-huquqiy tizim, fiskal siyosat hamda davlat moliyasini boshqarishning institutsional asoslari bo‘yicha bazaviy bilim va tushunchalarini baholashga qaratiladi.

Mazkur bo‘lim doirasida nomzodlarning:

  • davlat moliyasi va davlat boshqaruvi tizimini tushunishi;
  • fiskal siyosat va davlat moliyaviy boshqaruvi mexanizmlarini bilishi;
  • davlat budjeti va soliq tizimining asosiy tamoyillarini tushunishi;
  • davlat moliyaviy nazorati va audit tizimi bo‘yicha bilimlari;
  • davlat xaridlari va moliyaviy boshqaruv jarayonlarini tahlil qila olishi;
  • iqtisodiy va moliyaviy jarayonlarga nisbatan tizimli va analitik yondashuvi;
  • davlat moliyaviy resurslaridan samarali foydalanish tamoyillarini tushunishi aniqlanadi.

Savollar nomzodlarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki davlat moliyasini boshqarish bilan bog‘liq vaziyatlarni tahlil qila olishi, budjet va moliyaviy jarayonlarga baho bera olishi, moliyaviy muammolarga amaliy yechim topish hamda strategik moliyaviy qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini baholashga yo‘naltiriladi.

 

1-mavzu. Milliy davlatchilik va davlat moliyasi asoslari

Markaziy Osiyoda shakllangan davlatchilik an’analari va davlat boshqaruvi tizimining tarixiy rivojlanish bosqichlari. Qadimgi va o‘rta asrlarda davlat boshqaruvi, iqtisodiy tartibga solish va davlat moliyasiga oid qarashlarning shakllanishi. Sharq mutafakkirlarining davlat boshqaruvi, iqtisodiy boshqaruv, adolatli jamiyat va rahbar mas’uliyatiga oid qarashlari. Abu Nasr Forobiyning davlat va jamiyat boshqaruvi haqidagi g‘oyalari, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida davlat boshqaruvi va iqtisodiy adolat masalalarining yoritilishi. Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarida davlatni boshqarish, soliqlarni yig‘ish, davlat xarajatlarini nazorat qilish va iqtisodiy tartibni ta’minlash tamoyillari. Jadid mutafakkirlarining iqtisodiy islohotlar, ma’rifat va zamonaviy boshqaruvga oid qarashlari. Davlat moliyasi tushunchasi, uning mazmun-mohiyati va davlat boshqaruvidagi o‘rni. Davlatning iqtisodiy funksiyalari va moliyaviy siyosatining asosiy yo‘nalishlari. Davlat moliyasining markazlashgan pul fondlarini shakllantirish, taqsimlash va foydalanish bilan bog‘liq munosabatlar tizimi sifatidagi mazmuni. Davlat daromadlari va xarajatlari tushunchalari, ularning iqtisodiy mazmuni va tarkibi. Soliqlar, bojxona tushumlari, davlat mulkidan olinadigan daromadlar va boshqa moliyaviy manbalarning davlat moliyasidagi o‘rni. Davlat xarajatlarining ijtimoiy soha, iqtisodiyot, mudofaa, infratuzilma va davlat boshqaruvi tizimini moliyalashtirishdagi ahamiyati. Davlat moliyasining iqtisodiy barqarorlik va ijtimoiy rivojlanishni ta’minlashdagi o‘rni.

 

2-mavzu. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va davlat moliyasi siyosati

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlari. Strategiyaning iqtisodiy va moliyaviy siyosatdagi ahamiyati hamda mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirishdagi o‘rni. Fiskal barqarorlikni ta’minlash, davlat xarajatlarini optimallashtirish va budjet samaradorligini oshirish masalalari. Davlat moliyasini boshqarishda samaradorlik, natijadorlik va maqsadlilik tamoyillari. Davlat moliyasini boshqarishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash mexanizmlari. Budjet jarayonlarida jamoatchilik ishtiroki va ochiq budjet tamoyillari. Soliq tizimini takomillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsion muhitni yaxshilash bo‘yicha davlat siyosati. Soliq yukini optimallashtirish va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish mexanizmlari. Ijtimoiy sohalarni moliyalashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish masalalari. Raqamli iqtisodiyot va zamonaviy moliyaviy boshqaruv texnologiyalarini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari.

 

3-mavzu. O‘zbekiston Respublikasining budjet tizimi

Budjet tushunchasi, uning iqtisodiy mohiyati va davlat boshqaruvidagi o‘rni. Budjet tizimining asosiy tamoyillari: yagonalik, mustaqillik, muvozanatlilik, oshkoralik va samaradorlik tamoyillari. O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari va budjetdan tashqari jamg‘armalar tizimi. Respublika va mahalliy budjetlarning tarkibi va funksiyalari. Budjet daromadlari va xarajatlari tarkibi. Soliq va nosoliq daromadlar, transfertlar va boshqa moliyaviy tushumlar. Davlat xarajatlarining iqtisodiy va funksional tasnifi. Budjet jarayoni va uning bosqichlari: budjet loyihasini ishlab chiqish, ko‘rib chiqish, tasdiqlash, ijro etish va hisobot berish jarayonlari. Budjet ijrosi va davlat moliyaviy nazoratining asosiy mexanizmlari. Budjet intizomi va budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta’minlash masalalari. Budjetlararo munosabatlar, hududiy moliyani boshqarish va mahalliy budjetlarning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash mexanizmlari.

 

4-mavzu. Soliq siyosati va soliq tizimi

Soliq tushunchasi, uning iqtisodiy mohiyati va funksiyalari. Soliqlarning fiskal, tartibga soluvchi va rag‘batlantiruvchi funksiyalari. Soliq siyosati tushunchasi va uning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni. Soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari va tamoyillari. O‘zbekiston Respublikasining soliq tizimi va soliqlarning asosiy turlari. To‘g‘ri soliqlar va egri soliqlar tushunchasi hamda ularning iqtisodiyotdagi o‘rni. Yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar. Qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aksiz solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk soliqlarining mazmuni. Soliq ma’murchiligi va soliq nazoratining asosiy mexanizmlari. Soliq hisoboti, soliq monitoringi va soliq auditining asosiy yo‘nalishlari. Soliq imtiyozlari va ularning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni. Soliq yukini optimallashtirish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish masalalari. Soliq tizimini raqamlashtirish va elektron soliq xizmatlarining rivojlanish tendensiyalari.

 

5-mavzu. Davlat moliyaviy nazorati va audit

Davlat moliyaviy nazorati tushunchasi va uning davlat moliyasini boshqarishdagi o‘rni. Moliyaviy nazoratning asosiy maqsad va vazifalari. Davlat moliyaviy nazorati organlari va ularning vakolatlari. Hisob palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa vakolatli nazorat organlarining faoliyati.  Ichki va tashqi audit tizimi hamda auditning asosiy tamoyillari. Davlat tashkilotlari va budjet tashkilotlarida audit jarayonlari. Davlat mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish mexanizmlari. Moliyaviy hisobotlarning ishonchliligi va shaffofligini ta’minlash masalalari. Korrupsiyaga qarshi moliyaviy nazorat va moliyaviy intizomni ta’minlash tamoyillari. Davlat moliyasini boshqarishda ochiqlik va javobgarlik mexanizmlari. Risklarni baholash va moliyaviy xavflarni kamaytirish usullari.

 

6-mavzu. Davlat xaridlari va moliyaviy boshqaruv

Davlat xaridlari tizimi tushunchasi va uning iqtisodiyotdagi o‘rni. Davlat xaridlarining davlat ehtiyojlarini qondirish va iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirishdagi ahamiyati. Davlat xaridlarini tashkil etishning asosiy prinsiplari: ochiqlik, raqobat, shaffoflik, tenglik va samaradorlik tamoyillari. Davlat xaridlarini amalga oshirish bosqichlari va tartiblari. Elektron do‘kon, boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash, tender, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosidagi xarid mexanizmlari. Elektron davlat xaridlari tizimi va raqamli texnologiyalarning davlat xaridlaridagi o‘rni. Davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish va ochiqlikni ta’minlash masalalari. Davlat moliyaviy resurslarini samarali boshqarish va budjet mablag‘laridan oqilona foydalanish tamoyillari. Xarajatlar samaradorligini oshirish va moliyaviy resurslardan natijador foydalanish mexanizmlari. Davlat moliyaviy boshqaruvida strategik yondashuv, monitoring va nazorat tizimlarining ahamiyati.